Andijon va Toshkent viloyatlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Andijon shahri va Andijon tumani bo‘limlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.

Unda aniqlanishicha, “K.R.” va “I.Ch.” MCHJlarning mas’ul shaxslari “R.” nomli choyxona hamda ishlab chiqarish sexida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga yashirin ulanib olgan.

Buning natijasida jami 717,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Shu kabi, Departamentning Ohangaron tumani bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Tekshiruvda “T.B.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari tijorat maqsadida 2 dona suv nasosini umumiy foydalanishdagi tarmoqqa to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan.

Buning natijasida esa jami 309,4 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq “Spot” Toshkent va Samarqandda 4,8 mlrd so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, fuqarolar avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasidagi gaz hisoblagichga tashqi ta’sir o‘tkazgani, elektr hisoblagichning esa ulanish sxemasini o‘zgartirgani aniqlangan.