Toshkentning drenaj tizimini sun’iy havzalar bilan birga qurish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Bu haqda 21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar va keyingi vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi ma’lum qilindi.
Unda prezident poytaxtdagi obodonlashtirish ishlarining borishiga alohida to‘xtalib, drenaj tizimi ishiga qat’iy e’tiroz bildirdi, yaqinda bo‘lgan kuchli yomg‘ir haqiqiy ahvolni ko‘rsatdi.
Drenajni to‘g‘irlashni o‘zi yetarli emasligi, suvni havzalarda to‘plash tizimini qilib, daraxtlarni sug‘orishga ishlatish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.
Toshkentdagi tuman hokimlari joyiga chiqib, drenaj, yashillik, obodonlashtirish kabi masalalarni tepasida turib o‘zi hal qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Bundan tashqari, poytaxtda daraxtlarning kasallanishi ham ko‘paygani qayd etildi.
Shahar hokimligiga yil yakunigacha master-reja qilib, drenaj tizimini sun’iy havzalar bilan birga qurish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Bundan tashqari, prezident keyingi yilda “Yashil makon” dasturi uchun 100 mlrd so‘m ajratilishini e’lon qildi. Endilikda daraxtlarni 3 yil parvarishlash, kasallikdan saqlash, sug‘orish xarajatlari ham investitsiya dasturiga kiritiladi.
Sug‘orish tizimi bo‘yicha 2ta tajriba amalga oshiriladi. Xususan, 27ta tumanda sug‘orish tizimi yaratish uchun bittadan quduq qazishga ruxsat beriladi. G‘allaorol tumanidagi tog‘larda qor-yomg‘ir suvini yig‘uvchi 10ta geo-membrana o‘rnatilib, daraxtlarni sug‘orish tizimi yaratiladi. Bahorda 14ta tumanning tog‘ va adir qiyaliklarida qavat-qavat qilib, terrasa usulida 500 gektarda daraxt ekish boshlanadi.
Viloyat hokimliklariga “Mening bog‘im” loyihasi bo‘yicha yashil bog‘ yaratishga kamida 1 gektar, yashil jamoat parki uchun yarim gektardan yer ajratish topshirildi.
Bu maydonlar ekish mavsumigacha “Ochiq budjet” portaliga qo‘yilib, daraxt turlari bo‘yicha tavsiya va ularning narxi ko‘rsatiladi. Bunda, parvarishlashda mas’uliyatsizlik qilgan shaxslarni mobil ilova orqali ogohlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Hokimlarga barcha obodonlashtirish bo‘limlarini 20tadan sug‘orish mini-texnikasi bilan ta’minlash topshirildi.
Yil boshida shahar hokimligiga drenaj tizimidagi muammoli nuqtalarda qurilish ishlarini yakunlash hamda 1-sentabrgacha drenaj tizimi master-rejasini ishlab chiqish topshirilgandi.
Avvalroq Toshkentdagi avtobuslarda naqd pul to‘lovlaridan voz kechish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Transport vaziri 2025-yildan boshlab avtobus bekatlarida QR-kodli chiptalar sotuvi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.