21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda yiliga 14 mln tonna chiqindilar hosil bo‘ladi, ularning 4−5%i qayta ishlanadi. Chiqindi poligonlaridan 7 mln tonnadan ziyod issiqxona gazlari atmosferaga chiqadi, 43 ming tonna zaharli filtratlar yer ostiga singadi.

Ularning tabiatga ta’sirini kamaytirish maqsadida qariyb $1,3 mlrdlik investitsiyalar hisobiga 8ta chiqindi yoqish zavodini qurish va Ohangaron poligonida chiqindi gazini qayta ishlash rejalashtirilgan.

Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi $350 mln to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyasi hisobiga Andijon va Toshkent viloyatlarida 2ta zavod barpo etadi. Ularda kuniga 4 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 630 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Shu bilan birga, mamlakatning yana bir kompaniyasi — “Shanghai SUS Environment” ham bu sohaga qiziqish bildirgan. Kompaniya Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 2ta zavod qurishni rejalashtirgan. Buning uchun $310 mln yo‘naltiriladi. Kunlik quvvat 3 ming tonnani tashkil etadi, yiliga 480 mln kVt/soat elektr energiyasi olinadi.

BAAning “Tadweer Group” kompaniyasi Buxoro va Navoiy viloyatlari uchun bitta zavod quradi. Loyiha qiymati — $200 mln. Unda kuniga 1,5 ming tonna chiqindini qayta ishlash va yiliga 363 mln kVt/soat elektr ishlab chiqarish mumkin bo‘ladi.

Koreyaning “Sejin” kompaniyasi ishtirokidagi loyiha doirasida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi maishiy chiqindi poligonida hosil bo‘ladigan gazdan muqobil elektr energiyasi olish yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha qiymati $55 mln bo‘lib, uning quvvati 16 megavatt bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur loyihalar natijasida yiliga 4,7 mln tonnadan ortiq chiqindi yoqilib, 2,1 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bular orqali $97 mln qiymatidagi elektr energiyasi sotiladi. 152 mln metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi hamda 2,4 mln tonna issiqxona gazlari kamayadi.

Loyihalar 2025−2027 yillarda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida, 1 200ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Davlat rahbari mutasaddilarga bu loyihalarni namunaviy qilib, hududlarda ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Investorlar, ishlab chiqaruvchilar, birinchi navbatda, korxonasining energiya ta’minotini o‘ylashidan kelib chiqib, chiqindini qayta ishlash zavodlari yaqinida qurilish materiallari, organik o‘g‘itlar kabi yangi korxonalarni joylashtirish maqsadga muvofiqligi, bu tadbirkor uchun ham, investor uchun ham manfaatli bo‘lishi qayd etildi.

Barcha hududlarda bunday loyihalarni ko‘paytirish va mutanosib rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilning sentabr oyidagi prezident farmoni bilan tashkil etilgan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi chiqindilarni to‘plash, saralash, zararsizlantirish, qayta ishlash, yoqish, utilizatsiya qilish va ularni yo‘q qilishning yangi usullarini joriy etish bilan shug‘ullanishi ta’kidlandi.

Sohada sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hisobiga ekologik vaziyat barqarorlashadi, sanitar holat yaxshilanadi, aholiga xavfli kasalliklar yuqishi kamayadi. Chiqindilar qayta ishlanib, muqobil energiya, xomashyo va organik o‘g‘it olinadi. Mavjud chiqindi poligonlari hududida ekosanoat zonalari tashkil etiladi.


O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash

Iyul oyida prezidentning “Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, “Sayar LLC” kompaniyasi (Investor) tomonidan “Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi doirasida “Sayar green” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona (loyiha kompaniyasi) ta’sis etilgan.

Sentabr oyida Andijon viloyati hokimligi “Jin Ming” kompaniyasi bilan chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurish bo‘yicha memorandum imzolagan edi. Loyihaning taxminiy qiymati $250 mlnga baholanmoqda.

Xitoyning “China Everbright Environment” kompaniyasi O‘zbekistonda bir nechta chiqindi yoqish zavodlarini qurish niyatida. Birinchi bosqichda — Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ikkita zavod.

Shuningdek, Janubiy Koreyaning Koreya Ekologik korporatsiyasi (K-eco) bilan Jizzax viloyatida chiqindilarni qayta ishlash zavodini qurishga umumiy qiymati $6,2 mln bo‘lgan to‘rt yillik grant shartnomasini imzoladi.