Raqobat qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 9 oyida aviakompaniyalar xizmatlari bo‘yicha 200dan ortiq iste’molchilardan murojaatlari qabul qilindi. bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Bu murojaatlar aviachipta pulini qaytarmaslik, parvozlar kechiktirilishiga oid ma’lumotlarni o‘z vaqtida yetkazmaslik, shikastlangan bagaj uchun yuk qiymatini to‘liq qoplab bermaslik va parvoz vaqtida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning talab darajasida emasligi bilan bog‘liq.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, iste’molchilar foydasiga 195 mln so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Jumladan, Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro S.Sh.dan kelib tushgan murojaat “Air Samarqand” aviakompaniyasi tomonidan yuzaga kelgan muammo bilan bog‘liq.
Fuqaro oilasi bilan Vetnamga uchish va qaytish uchun aviachiptalarni xarid qilgan. Bulardan 2ta aviachipta biznes klass toifasiga taalluqli bo‘lib, parvoz vaqtida unga taklif qilingan qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatilmagan.
Murojaat o‘rganilganda aviakompaniya haqiqatan ham iste’molchiga yetarli darajada xizmat ko‘rsatmagani aniqlandi va fuqaroning 10,16 mln so‘m mablag‘i to‘liq qaytarib berildi.
Shuningdek, Toshkent shahrida yashovchi fuqaro N.S. o‘z murojaatida “Uzbekiston Airways” aviakompaniyasidan onlyan Toshkent-Istanbul-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha jami 21,57 mln so‘mga oilasi uchun aviachipta sotib olgani, ammo aviakompaniya aybi bilan parvozdan qolib ketishganini bildirgan.
O‘rganishlar natijasida, fuqaro N.S. farzandlariga tegishli pasportlarning amal qilish muddati 2024-yil oktabr oyigacha bo‘lganligi, Turkiya qonunchiliga ko‘ra, chet el fuqarosi davlatga kirganda bu muddat kamida 150 kun bo‘lishi kerakligi, aviakompaniya rasmiy saytida bu ma’lumotlar va muddati kiritilganligi, tizim pasport muddati Turkiya davlati talabiga to‘g‘ri kelmasligini bilgan holda ogohlantirishsiz aviachipta sotganligi ma’lum bo‘ldi.
Jarayonda rasmiy veb-saytida elektron chipta xarid qilish vaqtida iste’molchi tanishishi kerak bo‘lgan tegishli ma’lumotlar kiritilib, “Uzbekiston Airways” tomonidan aviachiptaga to‘langan 21,57 mln so‘m iste’molchiga to‘liq qaytarib berildi.
Raqobat qo‘mitasi aviakompaniyalardan chiptalarni onlayn bron yoki xarid qilishdan avval pasportga qo‘yiladigan talablar va O‘zbekiston fuqarolari uchun belgilangan mamlakatlarga kirish, ayrim mamlakatlarga tranzit kirish bo‘yicha hujjatlarga qo‘yiladigan talablari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan batafsil tanishib chiqishni eslatib o‘tdi.
Avvalroq xorijdagi migrantlarning yarim million dollardan ortiq ish haqi undirib berilgani haqida xabar berilgandi. Birinchi marta Janubiy Koreyaga ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish kabi sohalarga 13 mingdan ortiq kvota olindi.