Markaziy bank joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston moliya tizimida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tizimli xatarlarni aniqlash bo‘yicha 35ta bank o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Bu haqda regulyatorning moliyaviy barqarorlik sharhida keltirilgan.
Respondentlar asosiy xatarlar sifatida geosiyosiy xatarlar, valyuta kursi o‘zgaruvchanligi, aholi qarz yukining oshishi, inflyatsiyaning o‘sishi hamda kiberhujumlarni ko‘rsatishgan.
Xususan, ularning 45%i tashqi geosiyosiy xatarlarni keltirishgan bo‘lsa, 37%i — valyuta kursining keskin o‘zgaruvchanligi, 35%i aholi — qarz yukining ortishi, 33%i — inflyatsiya sur’atining tezlashishi hamda 24%i kiberhujumlar bilan bog‘liq xatarlarni qayd etishgan.
Mamlakat moliyaviy tizimi barqarorligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xatarlar qatorida yirik qarz oluvchilar defolti, iqtisodiy pasayish, likvidlilik xavfi, ko‘chmas mulk narxlari pasayishi hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlar turibdi.
So‘rovnoma ishtirokchilarining 46%i tizimli xatarlarning sodir bo‘lishi ehtimollik darajasini qisqa muddatda (1 yilgacha) past baholagan bo‘lsa, 43%i o‘rtacha baholagan. 51% respondentlarning yarmidan ko‘pi o‘rta muddatli (1−3 yil) istiqbolda tizimli xatarlarning sodir bo‘lish ehtimolini o‘rtacha, 31%i esa yuqori baholamoqda.
O‘zbekiston moliya tizimi barqarorligiga yetarlicha ishonch bildirgan respondentlar soni 14 foiz bandga pasayib, 60%ni tashkil etdi. 37% ishtirokchi esa bunga qisman ishonadi
Birinchi yarim yillik bo‘yicha respondentlarning 57%i kreditga bo‘lgan talab oshganligini, 46%i qisqa muddatli moliyalashtirish manbai oshganligini qayd etgan. Biroq, 37%i uzoq muddatli moliyalashtirish mavjudligi va banklararo likvidlik ko‘rsatkichlari o‘zgarmagan, deya baholashgan.
Avvalroq Markaziy bank banklarga murojaatlar bilan ishlashish bo‘yicha yangi talablarni belgilagani haqida xabar berilgandi. Call-markazlari yo‘qolgan kartalar va firibgarlik haqidagi shikoyatlarni uzluksiz qabul qilishlari kerak.