Avvalroq 21-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida “Yashil makon” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar va keyingi vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari aholi ko‘payib borayotgan sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha eng katta zaxira yaylovlar ekanini qayd etdi. Shu bois, ulardan foydalanishga ehtiyoj yildan-yilga ko‘payib borayotgani ta’kidlandi.
Endilikda 16 mln gektar yaylov yerlarini boshqarish Veterinariya qo‘mitasiga o‘tkaziladi. Qo‘mitaga yil yakunigacha cho‘llarni degradatsiyadan chiqarish bo‘yicha uch yillik dastur tayyorlash topshirildi. Kelgusi yilda bu maqsadlar uchun dastlab $50 mln grant mablag‘lari jalb etiladi.
“O‘zbekkosmos” agentligi Buxoro va Navoiyda 35 gektardagi qum va shamolni ushlab qoluvchi cho‘l o‘simliklari qoplamasi yo‘qolib ketganini aniqladi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga ishchi guruhi tuzib, ushbu 2ta viloyatning cho‘l va yarim cho‘l hududlarida “yashil” maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi. “O‘zbekkosmos” agentligi bilan birgalikda cho‘llarda ekologik holatni monitoring qilish platformasi yaratiladi.
Endilikda O‘rmon xo‘jaligi agentligi cho‘llanishga qarshi kurashish bilan jiddiy shug‘ullanadi, hokimliklar qoshidagi “Yo‘l ko‘kalam” tashkilotlari agentlik tizimiga o‘tadi.
Agentlikka har bir hudud iqlimiga mos 100 mlndan ziyod nihol va ko‘chatlarni oddiy usulda mahalliylashtirish hamda yetishtirish xarajatini 20%gacha kamaytirish topshirildi.
Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 20 gektarda tajriba-sinov maydonchasi qilib, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklaydigan o‘simliklarni yetishtirishni tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Toshkentning drenaj tizimiga qat’iy e’tiroz bildirgani haqida xabar berilgandi. Shahar hokimligiga bu bo‘yicha yil yakunigacha master-reja qilib, tizimni sun’iy havzalar bilan birga qurish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.