Qoraqalpog‘istonning Qozog‘iston bilan chegara qismida yangi bojxona terminali ochilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi terminal Nukus shahridan 450 km olisdagi “Dovut-ota” chegara bojxona postiga tutash hududda joylashgan bo‘lib, uning umumiy maydoni 6 gektarni tashkil etadi.
Hozirda terminal qurilishining yakuniy bosqichi davom etmoqda. Asosiy konstruktiv ishlar bajarilib, pardozlash va ichki muhandislik tarmoqlarini o‘tkazish ishlari yakunlanmoqda.
Terminal tarkibida bojxona, fitosanitariya, veterenariya va boshqa nazorat organlarining rasmiylashtiruv markazi, tovarlar bilan yuk operatsiyalarini amalga oshirish uchun ombor, bojxona ko‘rigini amalga oshirish maydonchasi joylashadi.
Shuningdek, terminal ishga tushgach bir vaqtning o‘zida 350tagacha yuk avtomobilini joylashtirish mumkin bo‘ladi. Haydovchilar uchun mexmonxona va oshxona, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat ko‘rsatadi.
Terminalni ishga tushirish bilan birga, yaqin kunlarda “Qo‘ng‘irot-Beynau” yo‘nalishidagi 240 km. yo‘lning foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Bu esa bojxona posti orqali tashqi savdo yuklari harakati samaradorligini oshirishi kutilmoqda.
Avvalroq Andijon va Namanganda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara posti ochilgani haqida xabar berilgandi.