22-oktabr kuni Taras Shevchenko ko‘chasida sayyohlik xiyoboni yaratish bo‘yicha ishlarning ikkinchi bosqichi boshlandi. Bu haqda Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shu sababli Said Baraka va Nukus ko‘chalari kesishmasidan avtomobillar harakatining chap qismi qisman to‘sib qo‘yilgan.

Cheklovlar soat 10:00 dan kuchga kirdi va faqat chap bo‘lakka tegishli. Taras Shevchenkodagi qurilish ishlari qachon yakunlanishi rejalashtirilgani ma’lum qilinmagan.

gastronomik ko'cha, taras shevchenko

Hokimlik tirbandliklarni oldini olish uchun haydovchilarga aylanma yo‘llardan foydalanishni tavsiya qiladi va vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘raydi.

Taras Shevchenkodagi “gastronomik” ko‘cha qurilishining birinchi bosqichi 11-oktabrda yakunlandi, garchi dastlab sentyabrda ochilishi rejalashtirilgan edi.

Biroq, asfalt granit qoplamaga almashtirilgani va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani sababli muddat bir necha bor kechiktirilgan. Umuman olganda, ochilish to‘rt marta qoldirildi.

Gastronomik ko‘cha bo‘ylab 6ta foto-zona barpo etilgan, 39ta kichik va 17ta katta torsherlar o‘rnatilgan, 1ta avtobus bekati qurilgan, 39ta videokuzatuv kameralari va yuzni tanish tizimlari, 20ta o‘rindiq va axlat qutilari o‘rnatilgan hamda Wi-Fi tarqatish tizimlari montaj qilingan.

Shuningdek, aholi va mehmonlariga qulaylik yaratish maqsadida qariyb 3000 kvadrat metr piyodalar yo‘li barpo etilib, qatnov yo‘lining asosiy qismi (2600 kvadrat metr) esa tabiiy granit toshdan terilgan.

Toshkentda “gastronomik” ko‘cha

Joriy yilning fevralida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda sanoat, infratuzilma va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullanib, poytaxtda “gastronomik ko‘cha"lar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.

Xususan, Yashnobod tumanidagi “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasi poytaxtdagi birinchi “gastronomik” ko‘cha bo‘lishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasida ham ishlar boshlandi.

15-iyuldan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlanishi kerak edi. Biroq, jarayon oradan bir hafta o‘tib, 22-iyulda boshlandi. “Spot” Mirobod tumani hokimligi bilan gastronomik ko‘cha konsepsiyasi, ochilishining keyinga qoldirilishi, unga tutash hududlar ijarasi va tadbirkorlar bilan bog‘liq zararni kompensatsiya qilish masalalari borasida suhbatlashdi.

Shuningdek, Yashnobodda uchinchi gastronomik ko‘cha tashkil etiladi. Sodiq Azimov ko‘chasi uzluksiz ishlovchi ko‘chaga aylantirilib, hududda fudtraklar, 3D monitor, bankomat va infokiosklar o‘rnatiladi.

Sergeli tumanida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilmoqda. Uzluksiz faoliyat yurituvchi mazkur ko‘cha So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari kesishmasida joylashadi hamda mahalliy hokimlik va Yangi Sergeli istirohat bog‘idan boshlanib, “Fayz” mebel fabrikasida tugaydi.

Umuman, poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish belgilangan.

Avvalroq Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi “Shota Rustaveli” ko‘chasida “gastronomik” ko‘cha barpo etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.