Germaniyada 4 kunlik ish haftasini joriy etish bo‘yicha tajriba loyihasi yakunlandi, deya xabar bermoqda “Bloomberg”.

Olti oy davom etgan tajribada turli sohalar, jumladan, ijtimoiy tashkilotlar va bolalar bog‘chalari vakillari bo‘lgan 45 ta kompaniya ishtirok etdi.

Loyiha “Intraprenör” konsalting kompaniyasi tomonidan o‘zining ilmiy hamkori Minnesota universiteti bilan hamkorlikda boshlangan.

“Intraprenör” boshqaruvchi direktori Karsten Mayerning so‘zlariga ko‘ra, tajriba natijalari quvonarli bo‘lgan.

“Tashkilotlar ish vaqtini taxminan 10−15%ga qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi, daromad va foyda esa bir xil darajada qoldi yoki hatto biroz oshdi. Bu shuni anglatadiki, unumdorlik nuqtai nazaridan, ishlab chiqarish hajmi bir xil bo‘lib qolgan yoki ko‘paygan bo‘lsa, kirishlar kamaydi”, dedi Mayer.

Ushbu natija shuni ko‘rsatadiki, ishlagan soatlar sonini qisqartirish har doim ham unumdorlikning pasayishiga olib kelmaydi, aksincha, resurslardan yanada samarali foydalanishga hissa qo‘shishi mumkin.

Aksariyat kompaniyalar 4 kunlik jadvalni saqlashga qaror qilishining asosiy sabablari yangi iste’dodlarni jalb qilish va mavjud xodimlarni saqlab qolish, shuningdek, xodimlarning sog‘lig‘i haqida tashvishlanishdir.

“Yuqori menejment uchun iste’dodlarni jalb qilish va saqlab qolish, shuningdek, xodimlarning sog‘lig‘i, ayniqsa ularning ruhiy salomatligi haqida g‘amxo‘rlik qilish muhim”, — dedi Mayer.

Loyihada ishtirok etayotgan kompaniyalarning qariyb yarmi uchrashuvlarni qisqartirish va tartibga solishga, 25%i esa jarayonlarni raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratdi.

Tajriba davomida ishtirokchilarning salomatlik holatini kuzatish uchun maxsus qurilmalardan foydalanildi, bu esa 4 kunlik haftaning stress va salomatlikka ta’siri haqida obyektiv ma’lumotlarni olish imkonini berdi. Natijalar gavjum ish jadvaliga qaramay, stress darajasining pasayishini ko‘rsatdi.

Pilot loyihada ishtirok etgan ikkita yirik kompaniya ikki oydan so‘ng o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Asosiy sabablar Germaniyada duch kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar edi.

Mayer ta’kidlaganidek, 4 kunlik haftaga o‘tish kichik va o‘rta biznesga qaraganda yirik kompaniyalar uchun qiyinroq bo‘lishi mumkin.


Avvalroq “Spot” Yaponiya o‘z fuqarolariga 4 kunlik ish haftasini taklif qilayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Yaponiya hukumati qisqartirilgan ish haftasini qo‘llab-quvvatladi va shu orqali ishchi kuchi tanqisligini hal qilishga harakat qilmoqda.