Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 4 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ko‘rsatkich 20-oktabr kuni soat 12:00 holatiga qayd etilgan bo‘lib, elektr energiyasining 3,49 mlrd kVt/soati quyosh elektr stansiyalari tomonidan, 506,4 mln kVt/soati esa shamol elektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.
Ishlab chiqarilgan “yashil” elektr energiyasining umumiy hajmi 2 mln xonadonning 10 oylik iste’moliga yoki 1,66 mln xonadonning yillik ehtiyojlariga teng.
Shuningdek, 1,2 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 1,68 mln tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi.
“Yashil” elektr stansiyalar tomonidan 31-may kuni 1 mlrd kVt/soat, birinchi yarim yillikda 1,6 mlrd kVt/soat, 17-iyul holatiga 2 mlrd kVt/soat miqdorida elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. 30-avgustga kelib bu ko‘rsatkich 3 mlrd kVt/soatni qayd etgan.
O‘zbekistonda hozirda to‘qqizta fotoelektr stansiyasi va umumiy quvvati 2,7 GVt bo‘lgan bitta shamol stansiyasi mavjud. Ulardan oltitasi 2023-yil dekabr oyi oxirida ish boshlagan. Investorlar yana bir nechta yashil energiya obyektlarini qurishni rejalashtirmoqda.
Prezident bilan fevral oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2027-yilgacha umumiy quvvati 8 GVt bo‘lgan 28ta muqobil energetika obyektini qurish rejalashtirilgani ma’lum qilingandi. Shundan so‘ng Jizzax, Navoiy, Buxoro va Toshkent viloyatlarida yana bir qancha loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib borildi.