Toshkent shahrida 80 mingdan ortiq pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha 21-oktabr kuni poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, Toshkentning barcha tumanlaridagi belgilangan joylarda pulli “parkovka"lar bosqichma bosqich joriy etilishi belgilanmoqda.
Bunda, birinchi bosqich doirasida 14 mingga yaqin avtoturargoh o‘rni yaratilishi va bu ishlar 2025-yilning 15-martigacha yakunlanishi kerak.
Ikkinchi bosqich kelasi yilning 1-iyunigacha amalga oshirilib, uning doirasida jami 70 mingta “parkovka” tashkil etiladi. Yakuniy bosqichda esa, ularning soni 84 mingtaga yetkazilib, bu ishlarni 2025-yilning avgust oyi oxiri bilan yakunlash belgilanmoqda.
Bu “parkovka"lar to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda faoliyat yuritadi hamda video kuzatuv qurilmalari bilan ta’minlanadi. Shuningdek, ulardan imtiyozli foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Pulli to‘xtab turish joylari uchun yer maydonlari ijara huquqi asosida 10 yilgacha tadbirkorlarga beriladi. Ular belgilangan tartibda “E-auksion” orqali savdolarga chiqariladi.
Hozirda poytaxt hokimligi bu bo‘yicha tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilmoda. Ularni @poytaxtuz_bot Telegram-boti orqali jo‘natish mumkin.
Bundan oldin Toshkent shahar hokimi qarori bilan poytaxtda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish tartibi tasdiqlangandi. Ulardan foydalanganlik uchun to‘lov miqdori tarif zonasidan kelib chiqib, soatiga 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgachani tashkil etadi.
2022-yilning noyabr oyida Toshkentning 10 ta markaziy ko‘chasida 2251 ta pullik to‘xtash joylari tashkil etilishi hamda chegara rejasiga oid ma’lumotlar taqdim etilgandi.
Yil yakuniga kelib, poytaxt hokimligi avtomatlashtirilgan to‘xtash joylarini tashkil etish bo‘yicha qarorni qabul qildi. Hujjatda loyiha “Kasy Park” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilishi keltirilgan. Uning qiymati 891 mln so‘mga baholangan.
Joriy yil boshida pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish talablari belgilangandi. Ularning egalari to‘lov miqdorini cheklangan miqdorlardan yuqori bo‘lmagan tariflar bo‘yicha mustaqil ravishda belgilaydi.