Shavkat Mirziyoyev 22-oktabr kuni mahalliylashtirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi yetti yilda mamlakatga $78 mlrddan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilingan. 1 800 turdagi yangi mahsulotni mamlakatda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Barcha tarmoqlarda $140 mlrdlik 366ta yirik loyiha amalga oshirilayapti. Yiliga $15 mlrdlik uskuna, xomashyo va qurilish materiallari olib kelinayapti.
Yirik tarmoqlarda mahalliy ulushni ko‘paytirish imkoniyati borligi, xususan, energetika tarmog‘ida 2030-yilgacha $36 mlrdlik 164ta quvvat yaratilishi, shundan 88tasi DXSh asosida barpo etilishi qayd etildi.
Tog‘-kon sanoati bo‘yicha 1,23 mlrdlik dastur qabul qilingan, yirik kombinatlarga mahalliy korxonalar o‘zaro bog‘langan. Avtosanoatda ham bu yo‘nalishda ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Birgina qo‘shni davlatlarda avtomobil ehtiyot qismlariga yillik talab $1 mlrdni tashkil qiladi.
Mahalliylashtirish jarayonida narx bo‘yicha ham, sifat bo‘yicha ham raqobatdosh mahsulot chiqarib, eksportni ko‘paytirishga e’tibor qaratish, bu yo‘nalishlar bo‘yicha aniq loyihalar shakllantirib, imkoniyatlarni natijaga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.
Sanoat tarmoqlari bilan hududlar o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish, davlat xaridlarida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Joriy yilning 9 oyida $23,66 mlrdlik xorijiy sarmoya kirib kelgan, 4,6 mlrdlik 120ta yirik quvvat ishga tushgan. 2017−2024 yillarda jalb etilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy qiymati $100 mlrddan oshishi kutilmoqda.
“O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozuqulov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida yig‘ilishda investitsion loyihalar, mahalliylashtirish darajasini kengaytirish hamda qo‘shimcha qiymat mahsulotini O‘zbekistonda ishlab chiqarish masalalari taniqidiy ko‘rib chiqilganini qayd etdi.
“Ochig‘ini aytish kerak, hozirgi kunda import hajmlari juda katta. Bu tayyor mahsulot bo‘ladimi, butlovchi qism bo‘ladimi, xom ashyo materiallari bo‘ladimi — har bitta yo‘nalishda potensialimiz katta. […] Mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yilning to‘qqiz oyida 15,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 18,9 trln so‘mga yetkazmoqchimiz. Bu shu yilning o‘zida $1,3 mlrd ekvivalentidagi import o‘rnini bosuvchi mahsulot korxonalarimizda ishlab chiqariladi, degani”, — dedi Ulug‘bek Rozuqulov.
Shuningdek, u 2025-yilda tayyor mahsulot va butlovchi qismlar ishlab chiqarish hajmini $2 mlrdga yetkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, buning uchun kompaniyada barcha imkoniyatlar mavjud.
Ulug‘bek Rozuqulov prezident mazkur mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish jarayoniga mahalliy korxonalarni jalb qilish bo‘yicha alohida topshiriq berganini ta’kidladi.
“Hududlarda avtomobilsozlik yo‘nalishida keksin rivojlanish ketyapti. Ularga ham [xususiy kompaniyalar — „Spot“ izohi] yakuniy mahsulot ishlab chiqaruvchi katta „Chevrolet“, „KIA“ va „BYD“ kabi korxonalar tomonidan qandaydir, talabnomalarni koordinatsiya qilib berish, ularga standartlashtirish uchun ruxsat berish va shu jarayonlarni ko‘paytirish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchi, butlovchi qismlar va xom ashyolarni kengaytirish masalasi ko‘tarildi”, — dedi u.
Rozuqulovning qayd etishicha, bu mashinasozlikni chuqurlashitirishga yordam beradi. “Albatta, „O‘zavtosanoat“ bu yo‘nalishda drayverlardan biri bo‘lishi kerak”, deya o‘z so‘zini yakunladi u.
Avvalroq Xitoy bilan hamkorlikdagi “TRT” kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishga $1,15 mln yo‘naltirishi xabar berilgandi. Buning natijasida “BYD”, “Chery”, “Changan” hamda “Geely” kabi avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.