2023-yilda yangi avtomobillar bozori, import avtomobillarni ham o‘z ichiga olgan holda, sezilarli o‘sishni namoyish etdi: jami 456 ming dona avtomobil sotildi, shundan 380 mingtasi mamlakatda ishlab chiqarilgan. Bu haqda “KPMG Uzbekistan” o‘z hisobotida ma’lum qildi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatda 4 mlnga yaqin transport vositasi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, shundan 3,8 mlni yengil avtomobillardir.
“UzAuto Motors” avtomobilsozlik sohasida yetakchi bo‘lib, 2023-yil holatiga bozorning 84%ini egallaydi. “Chevrolet Cobalt” va “Damas” kabi modellar esa umumiy savdoning 55%ini tashkil etdi.
Yengil avtomobillar importi ham sezilarli darajada oshdi. 2020-yildan 2023-yilgacha import qilingan avtomobillar soni (ixtisoslashtirilganlaridan tashqari) 140,9%ga oshib, 73 ming donani tashkil etdi.
2030-yilgacha yengil avtomobillar ishlab chiqarishni 1 mln donaga yetkazish rejalashtirilgan, bu esa o‘sib borayotgan talabni to‘liq qondirish va avtotransport vositalari bilan ta’minlashni yaxshilash imkonini beradi.
Xaridorlarning asosiy qismi shaxsiy ehtiyojlar va oilaviy foydalanish uchun avtomobil sotib oluvchi jismoniy shaxslardir. 2023-yilda ushbu maqsadlar uchun 3,4 mln dona xarid qilingan bo‘lib, ulardan eng mashhurlari “Cobalt”, “Gentra”, “Nexia”, “Spark” va “Damas"dir.
Davlat idoralari va vazirliklar tomonidan xizmat maqsadlarida foydalanish uchun 13 mingta avtomobil xarid qilindi.
Ushbu maqsadlar uchun eng ko‘p tanlangan modellar orasida “Chevrolet Gentra”, “Malibu”, “Captiva” va “Mercedes S-Class” bor.
Avtomobil ta’minoti
O‘zbekistonda har 1000 aholiga 103ta yengil avtomobil to‘g‘ri keladi, bu 2020-yildagi 86,3 ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqoridir.
Biroq bu daraja qo‘shni davlatlarnikidan hamon past: Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 220ta, Rossiyada esa 1000 kishiga 327ta avtomobil to‘g‘ri keladi.
Ro‘yxatga olingan avtomobillarning eng ko‘p soni Toshkent shahrida to‘g‘ri keladi — 1000 aholiga 197ta, Toshkent viloyati (136ta avtomobil) va Buxoro viloyati (118ta avtomobil).
Eng kam ta’minlanish darajasi Jizzax viloyatida qayd etilgan bo‘lib, har mingta aholiga atigi 73ta avtomobil to‘g‘ri keladi.