Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati hokimi Nurdaulet Qilibay O‘zbekiston hududlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki davlatning mintaqalararo forumida rasmiy O‘zbekiston bilan chegara yaqinida bojsiz savdo zonasi tashkil etishni taklif qildi. Zona Qozog‘istonning Xitoy bilan chegarasida joylashgan “Xorgos” majmuasi modelida ishlaydi, deya qo‘shimcha qildi u.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, hududning ochilishi Mang‘istau viloyatining O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmini 4 barobarga oshiradi.
Qilibay O‘zbekiston meva-sabzavot va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish hajmi oshganini qayd etdi. Dovut ota-Tajen chegara punkti orqali kuniga 250−300 yuk mashinasi o‘tadi, ularning har o‘ndan bir qismi Mang‘istau viloyatiga jo‘natiladi.
Ta’minotni yanada ko‘paytirish uchun hokim “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” qishloq xo‘jaligi yarmarkalari uchun maxsus platforma tashkil etishni taklif qildi. Aqtau ulgurji tarqatish markazi (“Aqtau UTM”) bozor uchun joy berishi mumkin.
Viloyat rahbari qo‘shma issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish tashabbusini ham ilgari surdi. Qozog‘iston tomoni irrigatsiya va o‘g‘itlar xarajatlarini subsidiyalashga, imtiyozli kreditlar berishga, tegishli yer va infratuzilma bilan ta’minlashga tayyorligini bildirdi.
Hamkorlikning yana bir sohasi turizm hisoblanadi. O‘zbekistonlik turoperatorlar Mang‘istau viloyatining tarixiy, madaniy va sayyohlik joylariga turpaketlarni taklif qilmoqda.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha “Aqtau UTM”, Beyneu hokimligi hamda O‘zbekistonning “Nukus Dilisha” kompaniyasi o‘rtasida kelishuv imzolandi. Kompaniya Aqtau va Beyneu tumanida savdo markazlarini qurish niyatida.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Nukus Dilisha” korxonasi 2009-yilda tashkil etilgan bo‘lib, sutni qayta ishlash bilan shug‘ullanadi. Kompaniyadagi asosiy ulush (70%) Baxrom Yuldashovga, qolgan uchta ta’sischi — Amankeldi Dauletbayev, Zulfiya Kalilayeva hamda Saparbek Ataxanovlarning har biriga 10%dan to‘g‘ri keladi.
Avgust oyida prezident qarori bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston sanoat kooperatsiyasi markazi bo‘yicha bitim tasdiqlandi. Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi EIZda Qozog‘iston va u orqali keluvchi xorijliklar 15 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Qozog‘iston va O‘zbekiston qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.