Markaziy bank 23-oktabr kungi oltin quymalari narxlarini yangiladi. Biroq e’londa oltin va kumushdan yasalgan esdalik tangalarining narxi ko‘rsatilmadi.
Shuningdek, regulyatorning veb-saytidan tanga qoldiqlari haqidagi ma’lumotlar yo‘qoldi, oxirgi yangilanish sanasi sifatida 22-oktabr ko‘rsatilgan. Markaziy bank matbuot xizmati “Spot"ga esdalik tangalari tugaganini tasdiqladi.
Bir gramm oltin 0,0017%ga qimmatlashdi — 1 mln 160 ming 400 so‘mni tashkil qildi. Qimmatbaho metall to‘qqiz ish kuni ketma-ket va yil boshidan buyon 36,9%ga qimmatlashdi.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 5 mln 802 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 11 mln 604 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 23 mln 208 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 58 mln 20 ming so‘mni tashkil qiladi.
Ekspertlar global noaniqlik fonida himoya aktivi sifatida oltinga qiziqish ortib borayotganini qayd etishmoqda. “UBS Group” prognoziga ko‘ra, bozordagi o‘zgaruvchanlik AQSh saylovlari tugaguniga qadar va yangi ma’muriyat tasdiqlanmaguncha davom etadi.
Oltinning global narxi ayni paytda troya unsiyasi $2800ga yaqinlashdi.
Xabar nashr qilinayotgan vaqtda “Trading Economics"da oltin narxi $2753,6ni tashkil qildi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari birinchi marta $41,1 mlrddan oshgani haqida yozgandi.
1-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari bir oyda $1,95 mlrdga oshib, $41,14 mlrdni tashkil etdi. Bu ma’lumotlar e’lon qilina boshlanganidan keyingi davr uchun eng yuqori ko‘rsatkichdir.
O‘z navbatida, oltin qiymati ham rekord ko‘rsatkichini yangiladi — $31,86 mlrd.