O‘zbekistonda xorijdan olib kelingan avtotransport vositalarini texnik sinovdan o‘tkazishning yangi tartibi joriy etiladi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori o‘rinbosari Odiljon Tohirovga tayanib, “UzA” xabar berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-noyabridan boshlab import avtomobillar Toshkent viloyatida joylashgan Piskent poligonida texnik sinovlardan o‘tkaziladi. Amalda sinovlar bojxona hududida o‘tkazilardi.
“Biz insonlar hayoti xavfsizligini ta’minlash, iste’molchilar huquqini himoya qilish maqsadida avtotransport vositalarining sinovini bojxona hududida emas, balki, sinov bazasi, ya’ni Piskent poligoniga olib borib, o‘sha yerda o‘tkazamiz”, — dedi Odiljon Tohirov.
Uning qayd etishicha, asosiy xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovlarni o‘tkazish ta’minlanadi. Shuningdek, o‘tkazayotgan sinovlar xalqaro darajada tan olinadi.
Buning uchun BMTning transport sohasiga oid qoidalari amaliyotga joriy etiladi. Bu qoidalar asosida sinovlarni o‘tkazish faqat xalqaro ISO tashkilotining standartlari va Yevropa direktivalari asosida amalga oshiriladi.
“Har bir transport vositasini tekshirish yoki ularga turini ma’qullash hujjatini rasmiylashtirish orqali rasmiy dilerlar tomonidan sotuv yo‘lga qo‘yilsa, xavfsizlik ham ta’minlanadi, iste’molchilarning huquqi ham himoya qilinadi”, — dedi Odiljon Tohirov.
Avvalroq “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Rozuqulov kelasi avtomobil ishlab chiqarish sohasida import hajmi juda katta ekanligini qayd etgandi. Kelasi yilda tayyor mahsulot va butlovchi qismlar ishlab chiqarish hajmini $2 mlrdga yetkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Bu jarayonga xususiy kompaniyalar ham jalb qilinadi.