O‘zbekistonliklar “Ausbildung” asosida Germaniyaga o‘qish va ishga taklif qilinmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Fuqarolar mamlakatning “Europa-Park” tashkilotiga mehmonxona va gastronomiya sohalaridagi ishlar uchun ariza topshirishlari mumkin.

Nomzodlar maktab shahodatnomasi, nemis tilidan kamida B1 (Geothe, ÖSD, TELC, ECL) darajadagi sertifikatga ega hamda 18−30 yosh oralig‘ida bo‘lishi kerak.

Qabul qilinganlarga ta’lim jarayonida 950−1200 yevro miqdorida stipendiya beriladi, yashash joyi topishga, tibbiy sug‘urta olishga ko‘maklashiladi.

Aviachipta va aeroportdan transfer xarajatlarini qoplashga yordam beriladi. Kasbiy ta’limdan keyin kafolatlangan ish joyiga ega bo‘lishlari mumkin.

Tanlovlar quyidagi uchta hududda o‘tkaziladi:

  • Farg‘ona shahri — 30-oktabr;
  • Namangan shahri — 31-oktabr;
  • Samarqand shahri — 1−2 noyabr.

Nomzodlar joriy yilning 28-oktabrigacha havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Batafsil ma’lumotlarni 1282 qisqa raqami yoki 71 200−00−61, 71 202−33−55 raqamlaridan olish imkoniyati mavjud.

Avvalroq o‘zbekistonliklar Yaponiyaga ishga taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi. Fuqarolar texnik stajyorlik dasturi asosida qurilish ishlariga hujjat topshirishlari mumkin.