O‘zbekiston Transport vazirligi Gonkong aviatsiya hukumati bilan havo qatnovi to‘g‘risida shartnoma tuzdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik delegatsiyasi Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilgan ICAN-2024 tadbiri doirasida Gonkong aviatsiya hukumati bilan uchrashdi. Qayd etilishicha, bu tomonlar o‘rtasidagi birinchi uchrashuv hisoblanadi.
Shu kunga qadar Gonkong aviatsiya hukumati aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan yuborilgan so‘rovnomalarga rad javobini berib kelgan. Bu aeroport gavjumligi hamda o‘tkazuvchanlik qobiliyati to‘la hajmda ishlayotganligi bilan izohlanadi.
Biroq, bu yil uchinchi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi yakunlandi, bu esa Gonkong orqali yo‘lovchi va yuk oqimini kengaytiradi. “South China Morning Post” nashrining yozishicha, u noyabr oyida ish boshlaydi.
Hozirda uchish-qo‘nish yo‘lagi foydalanishga topshirilgunga qadar sinovdan o‘tkazilmoqda. Gonkong aeroporti ochilganidan so‘ng 11ta yangi reysni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha sakkizta kompaniya bilan kelishib olgan.
Transport vazirligida qayd etilganidek, kelishuv turistlarning O‘zbekistonga kelishi imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuningdek, aviatashuvchilar mamlakat aeroportlari orqali Gonkongdan Yevropa, Yaqin Sharq, Turkiya va boshqa mamlakatlarga yuk tranzitini tashkil qilishlari mumkin bo‘ladi.
Gonkong fuqaro aviatsiyasi hukumati (CAD) “bir mamlakatda ikkita tizim” tamoyili bo‘yicha XXR aviatsiya ma’muriyatidan alohida faoliyat yuritadi. Boshqacha aytganda, ular aeroportlar va havo hududidan foydalanish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish huquqiga ega.
Avvalroq “Uzbekistan Airways” 17-noyabrdan Toshkent-Xanchjou yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.