Xitoylik investorlar Chirchiq shahrida joylashgan sanoat texnoparki hududida maxsus sanoat zonasini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
“China Construction Fifth Engineering Division Corp” va “BSM Group Limited” kompaniyalari yaqinda prezidentga taqdim etilgan “Ikki hudud — bir park” maxsus sanoat zonasi loyihasi tashabbuskorlari hisoblanadi.
Qurilish ishlari 2025-yilning birinchi choragida boshlanadi. Ayni paytda texnopark tashkil etish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Hududda elektr jihozlari, to‘qimachilik va qurilish materiallari, maxsus jihozlar ishlab chiqaruvchi 20ga yaqin yangi korxona, farmatsevtika sanoatida faoliyat yurituvchi zavodlar joylashtiriladi.
Ishlab chiqarishni boshlash 2026-yilda rejalashtirilgan. Loyihaning birinchi va ikkinchi bosqichlarini amalga oshirish uchun $200 mlndan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi. Buning natijasida 1000ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Avvalroq “Spot” Toshkent viloyatida yo‘lovchi tashish uchun 1000ta yangi avtobus xarid qilinishi haqida yozgandi.
Viloyat hokimi Zoir Mirzayev Nurafshonni yangi yo‘lovchi logistika markaziga aylantirish bo‘yicha topshiriq berdi.