O‘zbekistonda korxona va tashkilotlar xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln 151 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqida Statistika agentligi ma’lum qildi.
Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida qayd etilgan mazkur ko‘rsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 16,4%ga o‘sgan.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 8 mln 683 ming so‘m (20,1%).
Undan keyingi o‘rinlarda 6 mln 610 ming so‘m bilan Navoiy hamda 4 mln 954 ming so‘m bilan Toshkent viloyatlari turibdi.
Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi esa 3 mln 628 ming so‘m bilan Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan.
Hududlar bo‘yicha korxona va tashkilot xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi:
№ | Hududlar | O‘rtacha oylik ish haqi | 2023-yilning birinchi yarmiga nisbatan o‘sish |
1 | Toshkent shahri | 8 683 600 so‘m | 20,1% |
2 | Navoiy viloyati | 6 610 900 so‘m | 14,6% |
3 | Toshkent viloyati | 4 954 500 so‘m | 12% |
4 | Andijon viloyati | 4 462 800 so‘m | 16,2% |
5 | Buxoro viloyati | 4 199 300 so‘m | 10,6% |
6 | Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 4 170 700 so‘m | 13,1% |
7 | Xorazm viloyati | 4 114 300 so‘m | 12,7% |
8 | Sirdaryo viloyati | 4 091 700 so‘m | 15,1% |
9 | Samarqand viloyati | 3 886 500 so‘m | 17,8% |
10 | Jizzax viloyati | 3 848 800 so‘m | 13,5% |
11 | Farg‘ona viloyati | 3 821 500 so‘m | 14,2% |
12 | Namangan viloyati | 3 757 200 so‘m | 15,3% |
13 | Surxondaryo viloyati | 3 672 200 so‘m | 11,3% |
14 | Qashqadaryo viloyati | 3 628 700 so‘m | 11,2% |
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng baland ko‘rsatkichi moliya va sug‘urta sohasida qayd etilgan — 14,488 mln so‘m. Undan keyingi o‘rinlarda axborot va aloqa (12,7 mln so‘m) hamda tashish va saqlash sohalari (8,07 mln so‘m) turibdi.
Shuningdek, o‘rtacha oylik ish haqi sanoat sohasida 6,28 mln so‘mni, savdoda 6,04 mln so‘mni hamda qurilishda 5,7 mln so‘mni tashkil etgan.
Eng past ko‘rsatkich esa ta’lim (3,4 mln so‘m) hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3,3 mln so‘m) sohalariga to‘g‘ri keladi.
Axborot va aloqa sohasi
Mazkur sohaning asosiy tarmoqlari bo‘yicha o‘rtacha maoshning eng yuqori ko‘rsatkichi quyidagicha:
- dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar — 18,04 mln so‘m;
- axborot xizmatini ko‘rsatish — 15,8 mln so‘m;
- aloqa sohasi — 10,8 mln so‘m.
Poytaxtda axborot va aloqa sohasidagi o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi qayd etildi — 14,4 mln so‘m. Undan keyin 8,9 mln so‘m bilan Andijon, 8,7 mln so‘m bilan Samarqand viloyatlari joylashdi.
Moliya va sug‘urta sohasi
Bunda eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hamda sug‘urtalash bo‘yicha yordamchi faoliyatida qayd etilgan — 16,8 mln so‘m.
Eng past ko‘rsatkich esa sug‘urtalash va nafaqa ta’minotidan tashqari moliyaviy xizmatlarda (14,25 mln so‘m) kuzatilgan.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar
Bu sohada o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda kuzatildi — 8,11 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 1,87 mln so‘m.
Texnik va professional ta’limda o‘rtacha maosh 3,60 mln so‘mni hamda umumiy o‘rta ta’limda 3,44 mln so‘mni tashkil etgan.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentda (5,7 mln so‘m), eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (2,9 mln so‘m) qayd etilgan.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida ham eng yuqori ko‘rsatkich Toshkentga to‘g‘ri keladi — 5,7 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa Qashqadaryo viloyatida (2,9 mln so‘m) kuzatilgan.