“Poytaxt bank” ustav kapitalidagi 100% davlat ulushi Birlashgan Arab Amirliklari kompaniyasiga sotilgan. Bunga iqtisodchi Otabek Bakirov e’tibor qaratdi.
Markaziy bankning sentabr oyi bo‘yicha taqdim etilgan hisobotlarida mazkur bank xususiy banklar qatorida keltirilgan.
Joriy yilning iyun oyida Davaktiv agentligi BAAning “Bond Investments Limited LLC” kompaniyasi bilan bank aksiyalarini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kompaniya 100% aksiyalar paketini $10 mlnga sotib olishni taklif qilgandi.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda “Poytaxt bank"ning to‘liq ta’sischisi mazkur kompaniya hisoblanadi. Uning yuridik shaxs nomi “xorijiy korxona” sifatida keltirilgan.
Davaktiv agentligi bank aksiyalari xususiylashtirilishi borasida hozircha rasmiy ma’lumot taqdim etgani yo‘q.
“Poytaxt bank” davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha Rossiyaning “Ekspobank” bilan tegishli kelishuv imzolangandi. Biroq, xalqaro munosabatlarda yuzaga kelgan vaziyat sababli “Ekspobank” tomonidan amaldagi kelishuv shartlarini bajarish imkoniyati mavjud emasligi inobatga olinib, bekor qilingan.
“Bond Investments limited LLC” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan taklif avvalgi talabgorlarning bildirgan sotib olish qiymatidan hamda mustaqil baholovchi (“KPMG”) tomonidan baholangan qiymatdan yuqori bo‘lgan tijorat taklifi ekanligi qayd etilgandi.
“Poytaxt bank"ni xususiylashtirish
2021-yilning mart oyida “Poytaxt bank"ning 100% davlat ulushi savdoga chiqarildi. O‘sha yilning noyabrida hukumat bankning davlat ulushini sotish bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida uning ustav fondini 100 milliard so‘mga oshirish, bitimdan olingan mablag‘lar esa Toshkent shahar hokimligidan olingan budjet ssudalari va kreditlarini to‘lashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgandi. Bank faoliyatini 2019-yilda boshlagandi.
2023-yilning oktabrida regulyator raisi Mamarizo Nurmuratov “Poytaxt bank"ni sotish jarayoniga izoh berib, investorlar bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgandi.