Joriy yilning to‘qqiz oyida turistik maqsadda chet elga ketgan O‘zbekiston fuqarolari soni uchdan bir qismdan ko‘proqqa oshdi. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.

Yanvar-sentabr oylarida 4,5 mln nafar o‘zbekistonlik xorijga turistik maqsadda sayohat qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35,8%ga yoki 1,2 mln nafarga ko‘p.

Eng yuqori ko‘rsatkich Qirg‘izistonga to‘g‘ri keladi hamda 2,1 mln nafar o‘zbekistonlik o‘tgan davrda mazkur mamlakatga sayohat qilgan. Yillik hisobda bu ko‘rsatkich 50%ga o‘sgan.

Tojikiston 895,1 ming nafar (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan +9%) hamda Qozog‘iston 719,9 ming (+27,3%) nafar sayyoh bilan kuchli uchlikni yakunladi.

Shuningdek, to‘qqiz oy yakunida Rossiyaga 222,9 ming (+33,4%) nafar, Turkiya — 180,9 ming (+22,8%), Saudiya Arabistoni — 121,9 ming (o‘sish — 2,51 baravar) hamda BAAga 90,3 ming (-0,05%) nafar fuqaro turistik maqsadlarda borgan.

Ulardan keyin Misr — 32,1 ming (+58,9%), Quvayt — 20 ming (-34,7%), Janubiy Koreya — 17,5 ming (+35,6%) hamda boshqa mamlakatlar 128,2 ming nafar o‘zbekistonlik fuqarolar tashrifi qayd etildi.

Sakkiz oyda O‘zbekistonga 5 mln nafardan ortiq turist tashrif buyurdi. Yetakchilikni 1,47 mln nafar sayyoh bilan Tojikiston egallab turibdi.

Avvalroq O‘zbekiston Gonkong bilan havo qatnovi to‘g‘risida shartnoma tuzgani haqida xabar berilgandi.