“O‘zbekneftgaz” xorijiy banklar bilan qo‘shimcha yevrobondlarni chiqarishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
21-oktabr kuni “O‘zbekneftgaz” delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida “Standard Chartered”, “ICBC Standard Bank”, “Citi”, “Deutsche Bank”, “Barclays”, “MUFG” banklari vakillari bilan muloqot o‘tkazildi.
Unda tomonlar yangi kredit mablag‘larini jalb qilish masalalarini muhokama qildi. Banklar 2024−2025 yillarda “O‘zbekneftgaz” faoliyatini moliyalashtirishda ishtirok etishga “katta qiziqish” bildirishdi.
Xalqaro moliya tashkilotlari sindikatlashtirilgan kreditni tashkil etish, qo‘shimcha yevrobondlarni chiqarish va xedjlash strategiyalari kabi turli moliyaviy instrumentlarni taklif qildi.
Shuningdek, eksport kredit agentligi (ECA) yoki ko‘p tomonlama investisiyalar kafolatlari agentligi (MIGA) asosida moliyalashtirishning muqobil manbalari ko‘rib chiqildi. Muhokama mavzulari qatorida ekologik, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) maqsadlarini amalga oshirish va neft-gaz sohasi xususiyatlaridan kelib chiqib, chiqindilarni kamaytirish loyihalari ham bo‘ldi.
Bundan tashqari, investitsiya kompaniyalari va yevrobond egalari bilan o‘tgan uchrashuvda “O‘zbekneftgaz” tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish va Transkaspiy transport yo‘nalishi (O‘rta koridor) orqali Yevropa bozorlariga chiqish bo‘yicha hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi.
Davlat kompaniyasi matbuot xizmatining “Spot"ga aniqlik kiritishicha, Ozarbayjonning “Socar” kompaniyasi bilan birgalikda “Turan Energy AFEZCO” qo‘shma korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, u orqali qo‘shimcha daromad olish maqsadida import va eksport operatsiyalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
2023-yilda erishilgan yutuqlar sifatida “O‘zbekneftgaz” $2,6 mlrdlik daromadni, EBITDA ko‘rsatkichining $1,15 mlrdgacha o‘sishini, shuningdek, burg‘ulash vaqtini 30%ga qisqartirilganini qayd etdi.
Avvalroq “O‘zbekneftgaz” AI-92 benzinini birjaga chiqarishni boshlagani haqida xabar berilgandi. Buxoro NQZda ishlab chiqarilayotgan yoqilg‘i narxi bir tonna uchun 11,5 mln so‘mdan oshdi.