Joriy yilning 14−18-oktabr kunlari Milanda bo‘lib o‘tgan 75-Xalqaro astronavtika kongressida “O‘zbekkosmos” agentligi Amerikaning “SpaceX” kompaniyasi bilan hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
“SpaceX” va Britaniyaning “Surrey Satellite Technology” kompaniyalari O‘zbekistonda milliy kosmik dastur yaratish bo‘yicha ekspert maslahatlarini berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Kongress davomida robotlashtirilgan kosmik apparatlar va boshqa texnologiyalar yordamida Oyni tadqiq qilishga ixtisoslashgan Yaponiyaning “Ispace” kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, agentlik Kyushu texnologiya instituti bilan aerokosmik muhandislik yo‘nalishida mutaxassislarni tayyorlash dasturini kelishib oldi.
Bundan tashqari, “O‘zbekkosmos” Ozarbayjon kosmik agentligi bilan Yerni masofadan turib zondlash milliy kosmik tizimini yaratish bo‘yicha tavsiyalar va o‘zaro manfaatli takliflarni muhokama qildi.
Avvalroq “Spot” “SpaceX” Marsga beshta ekipajsiz “Starship” kosmik kemasini uchirmoqchi ekanligi haqida yozgandi.
Kompaniya rahbari Ilon Maskning qayd etishicha, ularning barchasi xavfsiz tarzda qo‘nsa, to‘rt yildan keyin ekipaj bilan parvoz qilish mumkin.