Shavkat Mirziyoyev 17-oktabr kuni xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonini tartibga solishga qaratilgan ikkita hujjatni imzoladi.
Prezident farmoni bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi negizida Vazirlar Mahkamasi huzurida yangi Migratsiya agentligi tashkil etildi. Agentlik mehnat migratsiyasi jarayonlarini boshqarish va xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquq va manfaatlarini himoya qilishni o‘z zimmasiga oladi.
Unga xususiy bandlik agentliklarini litsenziyalash vakolati berilgan. Migratsiya agentligi tomonidan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi, ularga xorijda ishga joylashish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va “ishchi viza"sini olishda bepul konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi.
Agentlik tomonidan Migratsiya jamg‘armasi tashkil etilib, u orqali migrantlarga ikki yilgacha muddatga 10 mln so‘mgacha mikrokreditlar ajratiladi.
Jamg‘arma tibbiy yordamga muhtoj muhojirlarning tibbiy sug‘urtasi bo‘lmagan taqdirda ularga davolanishlari uchun mablag‘ taqdim etadi. Bundan tashqari, u sug‘urtalovchilarga migrantlarning hayoti, salomatligi va boshqa xavf-xatarlari uchun sug‘urta mukofotlarini qoplash uchun subsidiyalar beradi.
Yangi chora-tadbirlar va amalga oshirish sanalari
Joriy yilning 1-noyabridan xorijiy ish beruvchilarning barcha bo‘sh ish o‘rinlari Migratsiya agentligi platformalarida, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq joylashtiriladi. Fuqarolar rezyume shakllantirish va joylashtirish orqali bo‘sh ish o‘rinlari uchun tanlovlarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.
Agentlik 2024-yilning 1-dekabridan xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun ta’lim tashkilotlarida kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha buyurtmalar joylashtirishni boshlaydi.
Xususiy bandlik agentliklariga litsenziya olish uchun zaxira qilinadigan mablag‘lar miqdori BHMning 8,5 ming baravaridan 4 ming baravarigacha (3,19 mlrd so‘mdan 1,5 mlrd so‘mgacha) pasaytiriladi.
2026-yilgacha mehnat faoliyatini tashkil etish va migrantlarni xorijga jo‘natish funksiyalari xususiy agentliklarga o‘tkaziladi.
Joriy yilning aprel oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan fuqarolarni xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi tashkil etilishi belgilandi. Unda kollejlarda kasb va chet tillari bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, prezident farmoni bilan xorijga ishga ketayotganlarga xarajatlarni qoplash uchun 3,4 mln so‘mgacha kompensatsiya beriladi.