Hukumat qarori bilan “Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga ipoteka kreditini ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlandi.

Hujjat bilan, yakka tartibdagi uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga 120 mln so‘mgacha ipoteka kreditlari beriladi. Mablag‘lar Markaziy bank asosiy stavkasidan to‘rt foiz bandga yuqori stavkada 20 yilgacha muddatga taqdim etiladi.

Bunda boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplashga kreditning 15%i miqdorida, besh yilgacha foiz to‘lovlarining 12%dan oshgan qismiga subsidiya beriladi. Ularni “subsidyplatform.mf.uz” to‘lov platformasi orqali olish mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, kadastr pasportini rasmiylashtirish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha to‘lovlar miqdori 50%ga kamaytiriladi.

Ipoteka kreditlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan “Agrobank”, “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” va “Biznesni rivojlantirish banki” orqali ajratiladi.

Hududlarda “mahalla yettiligi” bilan kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan, uy-joy qurish va rekonstruksiya qilishga ehtiyojmand fuqarolarga kredit ajratish choralari ko‘riladi. Kredit olgan fuqarolarning doimiy ish bilan band bo‘lishlari ta’minlanadi.

Uch oy muddatda tegishli tashkilotlar “Onlayn mahalla” va “Raqamli mahalla” platformalari, “subsidyplatform.mf.uz” to‘lov platformasi hamda yuqorida qayd etilgan banklarning axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilinadi.

Kredit olish tartibi qanday bo‘ladi?

Qarz oluvchilar uchun muvofiqlik mezonlari mavjud. Xususan, ular 18 yoshga to‘lgan va 60 yoshdan oshmagan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi kerak.

Foiz to‘lovlari va asosiy qarzni to‘lov jadvali asosida har oyda to‘lash uchun yetarli daromadga ega bo‘lish zarur. Bunda, shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo‘jaligidan yoxud YTTdan daromadga ega bo‘lish ham mumkin.

Qarz yuki ko‘rsatkichi barcha kredit va mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlarining oylik daromadga nisbati 60%idan yuqori bo‘lmasligi, shu bilan birga, muddati o‘tgan qarzdorlik bo‘lmasligi kerak. Qarz yuki ko‘rsatkichini hisoblashda oxirgi 12 oy mobaynida olingan daromadlar hisoblanadi.

Ilgari ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalardan foydalanmagan, rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan uy-joy yoki yer uchastkasi qarz oluvchining o‘ziga yoki u bilan birga yashovchi yaqin qarindoshlaridan biriga tegishli bo‘lishi kerak.

Ipoteka kreditining ta’minoti sifatida yakka tartibdagi uy-joyning o‘zi, yangi quriladigan uy-joylarda qurilish bitgungacha uchinchi shaxs kafilligi va boshqa ta’minot taqdim etiladi. Ularni notarial rasmiylashtirish uchun davlat boji undirilmaydi.

Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslar ipoteka kreditini ajratish bo‘yicha tavsiya olish uchun “mahalla yettiligi"ga murojaat qilishi mumkin. Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilganlar kredit olish uchun ariza bilan bankka murojaat qiladi. Buning uchun tegishli hujjatlarni (qurilish materiallari va qurilish-montaj ishlari hisob-kitobi) ilova qilish kerak.

“Mahalla yettiligi” doimiy ravishda o‘tkaziladigan xatlov va o‘rganishlar natijalariga ko‘ra uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarni aniqlab boradi, ularni dasturga kiritish va ipoteka kreditini olish bo‘yicha tavsiya berish choralarini ko‘radi.

Joriy yilning may oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga 120 mln so‘mgacha ipoteka krediti berilishi belgilangandi.

Avvalroq kelasi yil uchun uy-joy va ipoteka subsidiyalari soni 1,2 baravarga oshirilishi ma’lum qilingandi. Tashkilotlarning 14 mingta rahbarlari va o‘rinbosarlariga har 6 oyda 5tadan eng og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktiriladi. Ular og‘ir ahvoldagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga yordam berishadi.