“Yangi Toshkent” qurilishi uchun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani hududidan yer maydoni ajratildi. Bu bo‘yicha viloyat hokimining tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, mazkur tumandan davlat zaxirasiga qaytarilgan hamda toifasi o‘zgartirilgan 110,4 gektar yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi"ga ajratib berildi.
Bunda Yuqori Chirchiqning “O‘zbekiston”, “Guliston” hamda “Istiqlol” mahallalaridagi hududlar “Yangi Toshkent” hududiga o‘tkazilmoqda.
Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi tomonidan mazkur yer maydonlarini belgilangan tartibda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning mart oyida Toshkent viloyatidagi qariyb 20 ming gektar yer maydonini Yangi Toshkentga o‘tkazish ma’qullandi. Yuqori Chirchiq tumanidan 17,3 ming gektar, O‘rta Chirchiq tumanidan esa 2,4 ming gektar yer ajratilishi belgilandi.
Viloyat hokimi tomonidan imzolangan qarorda Yuqori Chirchiq tumanidan 33ta (20tasi to‘liq, 13tasi qisman) va O‘rta Chirchiq tumanidan 7ta — jami 40ta mahalla (4tasi to‘liq, 3tasi qisman) Yangi Toshkentga o‘tkazilishi kerak edi. Biroq, Davlat kadastrlari palatasi bergan ma’lumotlardan ularning soni 37taga kamayganini ko‘rish mumkin.
Yangi Toshkent hududiga o‘tayotgan ko‘chmas mulk obyektlarining umumiy soni 19 723tani tashkil etadi. Shundan 18 773tasi turar joy, 891tasi noturar joy hamda 52tasi ko‘p qavatli uylar hisoblanadi.
Avvalroq “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish direksiyasining Arxitektura-shaharsozlik departamenti rahbari Jahongir Anvarov “Yangi Toshkent"ning birinchi tumanidagi qurilish ishlari 6−10 yil ichida yakunlanishini “Spot"ga ma’lum qilgandi.