Qirg‘iziston Milliy banki fuqarolardan onlayn pul o‘tkazmalari uchun komissiya undirishni vaqtincha taqiqladi, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.
23-oktabr kuni Milliy bank boshqaruvi mobil ilovalar yoki onlayn-banking orqali amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari uchun jismoniy shaxslardan komissiya undirishni taqiqlovchi qarorni qabul qildi.
Tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga nisbatan yangi tartib 2025-yilning 31-dekabrigacha amal qiladi va Qirg‘iziston hududida milliy valyutadagi (somda) o‘tkazmalar uchun tatbiq etiladi.
“Bu chora aholining barcha qatlamlari uchun bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlashga va bank sektoriga raqamli texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirishga yordam beradi”, — deyiladi regulyator xabarida.
Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab bir oy o‘tgach — 2024-yilning 23-noyabridan keyin kuchga kiradi.
Avvalroq O‘zbekiston fintex assotsiatsiyasi turkiy mamlakatlar ittifoqiga qo‘shilgani haqida xabar berilgandi.