Rossiya Markaziy banki direktorlar kengashi asosiy stavkani bir vaqtning o‘zida ikki foiz punktga — 19%dan 21%gacha oshirdi.
Bu 2024-yilda ketma-ket uchinchi o‘sish bo‘ldi va natijada 2022-yil fevralidan beri saqlanib qolgan rekordni yangiladi. Bundan oldin asosiy stavka iyul oyida 16%dan 18%gacha, sentabrda esa 19%gacha oshirilgandi.
Bungacha maksimal asosiy stavka 2022-yilning fevral-mart oylarida kuzatilgan edi. Keyin Rossiya Markaziy banki uni zudlik bilan 20%ga ko‘tardi, lekin o‘sha yilning aprel oyidayoq uni tez pasaytira boshladi.
Regulyator o‘z qarorini to‘xtovsiz inflyatsiya bosimi va ichki talabning o‘sishi tovarlar va xizmatlarni taklif qilish imkoniyatlaridan “ancha oldinda” ekanligi bilan asosladi.
Markaziy bank joriy yilgi budjet xarajatlarining inflyatsiyaga qarshi kengayishini ham hisobga olib, stavkaning o‘sishi joriy yilda oxirgi bo‘lmasligi mumkinligini aniq ko‘rsatdi.
Yillik inflyatsiya 21-oktabr holatiga ko‘ra, 8,4%ni tashkil etdi va 2024-yil yakunlariga ko‘ra 8−8,5% oralig‘ida kutilmoqda.
Haqiqiy inflyatsiyadan tashqari, Markaziy bank uchun yana bir muhim ko‘rsatkich — inflyatsiya kutilmalari sezilarli darajada oshdi. Oktabr oyida ham aholi, ham biznes kutilmalari yil boshidan beri eng yuqori darajaga ko‘tarildi.
“Yuqori inflyatsiya kutilmalari barqaror inflyatsiya inertsiyasini kuchaytiradi”, deb tushuntirdi regulyator.