O‘zbekiston va Tanzaniya o‘rtasida havo qatnovi bo‘yicha hukumatlararo bitim tuzildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
24-oktabr kuni ICAN-2024 tadbiri doirasida Transport vazirligi delegatsiyasi va Tanzaniya aviatsiya hukumati o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Unda tomonlar o‘zaro yuk va yo‘lovchi tashuvlarini yo‘lga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqishdi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o‘rtasida yo‘lovchi tashish bo‘yicha haftasiga 21 marta, yuk tashish bo‘yicha esa cheksiz aviaqatnovlarni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuv imzolandi.
Tanzaniya O‘zbekiston uchun yangi yo‘nalish hisoblanadi. Mamlakatning mo‘tadil ob-havosi, Zanzibar oroli hamda Klimanjaro tog‘lari O‘zbekistonning turistik kompaniyalari hamda aviakompaniyalari uchun tranzit turistlar oqimini rivojlantirish imkonini berishi qayd etildi.
Shuningdek, mamlakat aholisi uchun ziyorat turizmini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Turizm qo‘mitasi hamda aviakompaniyalar uchun ham sharoit yaratilishi mumkin.
Bundan oldin, O‘zbekiston Gonkong bilan havo qatnovi to‘g‘risida kelishuvga erishgandi. Bu O‘zbekistonga turistlar oqimini kengaytirishga hamda mamlakat aeroportlari orqali yuk tranzitini amalga oshirishga yordam beradi.
Avvalroq “Uzbekistan Airways” Toshkent-Xanchjou yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.