Buyuk Britaniyada 2025-yil 1-iyundan bir martalik veyplar yoki elektron sigaretalar sotishni taqiqlash joriy etiladi, deya xabar berdi hukumat matbuot xizmati.
Taqiqning kiritilishi jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Fevral oyida o‘tkazilgan so‘rovda respondentlarning 69%i bir martalik veyplarni sotishni cheklash tarafdori bo‘lgan.
Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Endryu Guinn vaping bolalar orasida mashhur bo‘lib borayotganidan xavotir bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taqiq o‘smirlar uchun veypingning jozibadorligini pasaytiradi.
“O‘tgan yili 11−15 yoshli bolalarning to‘rtdan bir qismi sigaret chekgani juda tashvishli va biz bilamizki, bugungi kunda ko‘pchilik bolalar bir martalik qurilmalardan foydalanishni afzal ko‘rishadi”, dedi Britaniya rasmiysi.
Atrof-muhit vaziri o‘rinbosari Meri Kreygning ta’kidlashicha, taqiq “aylanma iqtisod sari birinchi qadam”, bunda resurslar uzoqroq ishlatiladi va chiqindilar kamayadi. Bir marta ishlatiladigan veyplardan foydalanish “shaharlarimiz uchun foydasiz va zararli”, deya qo‘shimcha qildi u.
O‘tgan yili “Materials Focus” ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada har hafta deyarli 5 mln elektron qurilmalar uloqtirilgan — ko‘rsatkich 2022-yilga qaraganda to‘rt baravar ko‘paygan.
Ularni qayta ishlash qiyin, chunki batareyalarni qo‘lda qismlarga ajratish kerak va litiy-ion batareyalar maishiy chiqindilarda saqlansa, yong‘in xavfi mavjud.
2022-yilda akkumulyatorlardan 40 tonnadan ortiq litiy tashlab yuborilgan, bu esa 5 mingga yaqin elektromobil ishlab chiqarishga yetadi.
Hukumatning ta’kidlashicha, taqiq “millatning bir martalik foydalanish madaniyatiga barham berish va katta ko‘chalarimiz, qishloqlarimiz va okeanlarimizni to‘ldiradigan axlat ko‘chkisini to‘xtatish” uchun qilingan harakatning bir qismidir.
Avvalroq “Spot” Norvegiya ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun minimal yoshni 15 yoshga oshirishi haqida yozgandi. Bundan maqsad bolalar miyasini texnologiya gigantlari algoritmlarining salbiy ta’siridan himoya qilish hisoblanadi.