“Yandex Uzbekistan” “Express24” bilan O‘zbekistonda oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha yagona texnologik platformani yaratishga kelishib oldi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmatiga tayanib, “Gazeta.uz” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Yandex” “Yandex Go” va “Express24” xizmatlarining afzalliklarini birlashtirish uchun kompaniya aktivlarining bir qismini sotib oladi. Bitim yaqin kunlarda yakunlanishi kutilmoqda, biroq uning summasi ma’lum qilinmagan.

Jarayon yakunlangach, “Yandex Go"dagi “Eats” va “Express24” xizmatlari yagona texnologik platformaga o‘tadi. Natijada buyurtmalar soni ortib, kuryerlar ko‘proq yetkazib berish xizmatlarini amalga oshirish va ko‘proq daromad olish imkoniga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, “Express24” ilovasi ham o‘z faoliyatini davom ettiradi.

“Foydalanuvchilar buyurtmalarini tezroq olishadi va ular uchun restoranlar tanlovi kengayadi. “Express24"ning hamkor restoranlari o‘z yetkazib berish hududini kengaytirib, yangi platformaning targ‘ib qilish vositalaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar”, — deya ta’kidlanadi xabarda.

“Express24” tayyor taomlar, do‘konlardan tovarlar va bozorlardan mahsulotlarni yetkazib berish xizmati bo‘lib, hozirda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida mavjud.

Joriy yilning iyul oyida “Yandex Uzbekistan” kuzda mamlakatdagi biznesini rivojlantirish maqsadida Toshkentda ofis ochishi ma’lum bo‘ldi. Undan keyin, IT-mutaxassislar uchun amaliyot dasturini ishga tushirdi.

Sentabrga kelib, “Payze” fintex kompaniyasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi faoliyatini boshqargan Izzat Shukurov kompaniya rahbari etib tayinlandi. U “Newmax Technologies”, “MyTaxi” hamda “Express24” kabi loyihalarda ishtirok etgan.

Avvalroq “Yandex Uzbekistan” Toshkentda kuryerlar uchun maxsus dizayndagi elektrovelosipedlarni taqdim etgani haqida xabar berilgandi. Ular joriy yilning oktabridan poytaxt ko‘chalarida ishga tushirilishi belgilangandi.