“Yandex” kompaniyasi “YandexGPT 4” generativ neyron tarmoqlari avlodining yangi versiyasini chiqardi. Bu haqda “Kommersant” nashri xabar berdi.
Yangi model — yengil “Lite” versiyasini va kuchli “Pro” versiyasini o‘z ichiga oladi. Innovatsiyalar tufayli sun’iy intellekt yanada murakkab muammolarni hal qilish uchun, masalan, xaridlarni avtomatlashtirish yoki mijozlar so‘rovlarini tahlil qilish uchun ishlatiladi.
Qayd etilishicha, “YandexGPT 4” endi to‘rt baravar ko‘proq — 60 sahifagacha matnni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Javoblar sifati o‘rtacha 70%gacha yaxshilandi, xatolar va uydirma faktlar ulushi 2,1% gacha kamaydi. Kompaniya ochiq savollarga javoblar bo‘yicha neyrotarmoq GPT-4o bilan solishtirish mumkin, deb hisoblaydi.
Ishlab chiquvchilar masalalarni bosqichma-bosqich hal qilish misollarida neyron tarmog‘ini mulohaza yuritishga o‘rgatdilar.
Endi murakkab savolga javob berishda sun’iy intellekt masalani kichikroq qismlarga ajratadi va ularni bosqichma-bosqich hal qiladi, mulohazalar zanjirini yaratadi.
Yangi funksiyalar yordamida mijozlarning xatlari va arizalarini saralash, rezyumelarni tahlil qilish va boshqa matnli masalalarni hal qilish uchun sun’iy intellektdan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Yangi model mijozlarning shikoyatlarini o‘rganish uchun mos keladi, u muammoni tushunishga yordam beradi va vaziyatdan chiqish yo‘lini taklif qiladi.
Joriy yil mart oyida “Yandex” neyron tarmoqlarining yangi avlodini — “YandexGPT 3"ni chiqargandi.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, “YandexGPT” neyron tarmoqlarining uchinchi avlodi murakkab so‘rovlar bilan yaxshiroq ishlaydi va biznesga IT-mahsulotlaridagi muammolarni hal qilishda yordam beradi.
Neyron tarmoqning yangi versiyasi foydalanuvchi savollarini yaxshiroq tushunadi.
Avvalroq “Spot” “Yandex” O‘zbekistonda “Yandeks Lavka” savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirgani haqida yozgandi.
9-avgust kuni Adliya vazirligiga yuborilgan to‘rtta ariza ko‘rib chiqilmoqda. “Yandex” bu holatga izoh berishdan bosh tortdi.