26-oktabr kuni ertalab bir qancha aviakompaniyalar samolyotlari Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va havo hududining bir qismi yopilishi munosabati bilan yo‘nalishni o‘zgartirishga majbur bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports”.

Vaziyatning kuchayishiga Isroilning Eronning uchta viloyati, jumladan Tehrondagi harbiy markazlarga raketa hujumi uyushtirgani sabab bo‘lgan. Tungi zarba vaqtida Eron havo hududida fuqarolik samolyotlari, jumladan beshta Rossiya samolyoti ham bo‘lgan.

“Jazeera Airways” aviakompaniyasining Toshkent-Quvayt yo‘nalishi bo‘yicha J9−1650 reysi soat 04:50da uchib Toshkent aeroportiga qaytdi — samolyot mahalliy vaqt bilan soat 07:06da jo‘nash aeroportiga qo‘ndi.

Shuningdek, “Fly Dubai” aviakompaniyasining Dushanbe — Dubay yo‘nalishi bo‘yicha FZ-778 reysi ekipaji Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘l olishga qaror qildi.

Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 08:32 da Toshkentga kelib qo‘ndi. Ekipajning dam olishi munosabati bilan Toshkentdan uchish mahalliy vaqt bilan soat 21:00ga belgilangan. Yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtiriladi.

“Fly Dubai” aviakompaniyasining Toshkent — Dubay yo‘nalishi bo‘yicha FZ-1942 reysi ham soat 04:58da havoga ko‘tarilib, 06:58 da Ashxoboddagi muqobil aerodromga qo‘ndi.

“Centrum Air” aviakompaniyasining Jidda — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha C6−702 reysi ham xuddi shu sabab bilan Ar-Riyoddagi muqobil aerodromga qo‘ndi.

Shuningdek, Madina-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha C6−3336 reysi ham Toshkent vaqti bilan soat 08:17 da Al-Maktum (Dubay) aeroportiga qo‘ndi.

“Uzbekistan Airports” yo‘lovchilarga ushbu reyslarning jo‘nash haqidagi ma’lumotlarni aviakompaniya vakillaridan tekshirishni tavsiya qiladi.

Bundan tashqari, marshruti Eron havo hududi orqali amalga oshirilgan bir qator reyslar O‘zbekiston shaharlaridan kechikishlar bilan uchib ketdi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Tanzaniya havo qatnovini tashkil etishga kelishib olgani haqida yozgandi.

Ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 21tagacha aviaqatnovlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.