Chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi bor fuqarolar elektr to‘lovlari cheklanishidan ogohlantiriladi

Oktabr oyi boshida “Hududiy elektr tarmoqlari” chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qila boshladi. Bu hududlar markazlarida amalga oshirilishi belgilangan.

Noyabr oyidan boshlab esa barcha hududlarida ogohlantirish xabarlarini jo‘natish boshlanishi kerak. Bunda aholining uch oylik qarzdorligi mavjud bo‘lsa, “HET"ning 2100 qisqa raqamidan ogohlantirish jo‘natiladi.

Shundan so‘ng to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan. Biroq, kompaniya hozircha bunday cheklov kiritmayapti.

Buning sababi esa, elektr energiyasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga, shuningdek, “HET” va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalar shartlariga o‘zgartirishlar kiritish zarurati bilan izohlanadi.


Isitish mavsumida tabiiy gaz uchun ijtimoiy norma o‘zgartiriladi

Tabiiy gaz uchun bir oylik bazaviy me’yor, ya’ni ijtimoiy norma isitish mavsumida 500 kub metrni, boshqa mavsumda esa 100 kub metrni tashkil etadi.

Bunda tabiiy gaz iste’molining belgilangan ijtimoiy norma — 500 kub metrdan oshgan qismidan boshlab yuqori narxlar qo‘llaniladi.

Isitish mavsumi Qoraqalpog‘iston va Xorazmda oktabr-fevral oylarini, boshqa hududlarda esa noyabr-fevral oylarini qamrab oladi. Bu mavsumda aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bir kubometr narxi quyidagi tartibda hisoblanadi:

  • 500 kub metrgacha iste’mol uchun 380 so‘mdan 650 so‘mgacha;
  • 500dan 2500 kub metrgacha 1500 so‘mdan;
  • 2 500dan 5 ming kub metrgacha 1950 so‘mdan;
  • 5 mingdan 10 ming kub metrgacha 2275 so‘mdan;
  • 10 ming kub metrdan yuqori iste’mol uchun 2 600 so‘m.

Tadbirkorlar uchun ortiqcha elektr va gaz iste’moliga qo‘shimcha to‘lov 10 baravarga kamaytiriladi

Davlat dasturlari asosida kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga barcha banklar va mikromoliya tashkilotlari jalb qilinadi.

Kichik tadbirkorlikka ajratiladigan 100 mln so‘mgacha garovsiz mikrokreditlar miqdori 300 mln so‘mgacha oshiriladi.

Shuningdek, 1-noyabrgacha tadbirkorlarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovni oldindan amalga oshirishda qulaylik yaratiladi.

Elektr va gaz iste’moli miqdorlariga nisbatan shartnomaviy limitlar oshiriladi va undan ortishiga yo‘l qo‘yilganda, ortiq iste’mol qilingan elektr hamda gaz uchun qo‘shimcha to‘lov kamida 10 baravarga kamaytiriladi.

Bundan tashqari, barcha uchun ochiq holatda yuritiladigan Inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi omillar reyestri joriy qilinadi. Kelasi yildan tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatib turishga faqat reyestrga kiritilgan omillar asosida yo‘l qo‘yiladi.


TRK mikrokredit beruvchilarga kreditni qayta moliyalashtiradi

“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan berilgan kreditlarni o‘z mablag‘lari hisobidan quyidagi stavkalarda qayta moliyalashtiradi:

  • 1-toifa uchun — 18%
  • 2-toifa uchun — 17%
  • 3-toifa uchun — 14,5%
  • 4-toifa uchun — 13,5%
  • 5-toifa uchun — 12,5%

Qayta moliyalash stavkalari kredit oluvchi ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyat yuritayotgan hudud toifasiga bog‘liq bo‘ladi.


Binolar energiya samaradorligi bo‘yicha toifalarga ajratiladi

Foydalanish maydoni 200 kv.metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarning energiya samaradorligi toifasini aniqlash uchun “A”, “B”, “C”, “D”, “E”, “F” va “G” belgilari joriy etiladi.

Bunda “A” toifasi energiya samaradorligi eng yuqori, “G” toifasi esa energiya samaradorligi eng kam bo‘lgan bino va inshootlarni belgilash uchun qo‘llaniladi.

Bunda haqiqiy iste’mol qiymati bilan me’yoriy (etalon) iste’mol qiymati o‘rtasidagi farq hisoblanadi. Ushbu qiymatning og‘ishi miqdoriga qarab, samaradorlik toifasi aniqlanadi. Odatda, past iste’molga ega binolar yuqori samaradorlik toifasiga kiradi.


Avtobuslarni nogironligi bo‘lganlarga moslashtirgan tadbirkorlar xarajatlari qoplab beriladi

Prezident 18-iyul kuni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhit yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni tasdiqladi.

Hujjat bilan, hokimliklar har yili 1-noyabrgacha keyingi yil uchun o‘zining hududidagi kamida bittadan ko‘chani nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish loyihasini ishlab chiqishi va qurilish-ta'mirlash hamda jihozlash ishlarini amalga oshirishi kerak.

Hududlararo, tumanlararo avtobusda yo‘lovchi tashuvlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlarga avtobuslarni nogironligi bo‘lganlar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlari uchun 50%gacha kompensatsiya beriladi.

Maksimal to‘lov miqdori — BHMning 30 baravari (11,25 mln so‘m). Xuddi shunday to‘lov I guruh nogironlarining shaxsiy avtomobillarini moslashtirish uchun ham joriy etilgan.


Import avtomobillarini texnik sinovdan o‘tkazish tartibi o‘zgartiriladi

Endilikda xorijdan olib kelinadigan transport vositalari bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda texnik sinovlardan o‘tkaziladi.

“Biz insonlar hayoti xavfsizligini ta’minlash, iste’molchilar huquqini himoya qilish maqsadida avtotransport vositalarining sinovini bojxona hududida emas, balki, sinov bazasi, ya’ni Piskent poligoniga olib borib, o‘sha yerda o‘tkazamiz”, — dedi Odiljon Tohirov.

Asosiy xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinovlarni o‘tkazish ta’minlanadi va xalqaro darajada tan olinadi.


Xorijda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini hujjatlarsiz sotish ta’qiqalanadi

Chet elda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini bojxona to‘lovlari amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasa, sotuvga qo‘yish va chakana savdoda sotish taqiqlanadi. 1- sentabrgacha buxgalteriya hisobi bo‘yicha rasmiylashtirilgan buyumlar bundan mustasno.

Qimmatbaho metallarning hamda qimmatbaho metallar bilan qoplangan metallarning chiqindilari va parchalari litsenziya asosida eksport qilinadigan maxsus turdagi tovarlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Shuningdek, asillik inspeksiyasining xulosasi bo‘lmagan yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish man etiladi.

Fuqarolar tarkibida 200 grammgacha kumush yoki 65 grammgacha oltin va boshqa qimmatbaho metallar bo‘lgan zargarlik buyumlarini bojxona deklaratsiyasisiz olib chiqishlari mumkin.

2027-yilgacha O‘zbekistonga olib kiriladigan tayyor zargarlik buyumlariga nisbatan import bojxona bojlari 20%dan 10%gacha kamaytiriladi.


Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegaralarida elektron navbat sinovdan o‘tkazila boshlanadi

Qirg‘iziston Iqtisodiyot va savdo vazirligi chegarada yuk mashinalari uchun elektron navbatni ishga tushiradi. Ishning tajriba bosqichi uchun Botken viloyatidagi Qizil-Qiya — O‘zbekiston chegara o‘tish joyi tanlangan.

Tizim sinovlari joriy yilning 1-noyabridan 15-dekabrigacha davom etadi. Loyiha “Ready4Trade Central Asia” xalqaro savdo markazi ko‘magida va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan.

Elektron navbatning joriy etilishi chegarani kesib o‘tishni tezlashtiradi, logistika jarayonlarini optimallashtiradi va transport xarajatlarini kamaytiradi. Yangi texnologiyalar mintaqa ichidagi savdodagi to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan.


“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi

Prezident farmoni bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi joriy etilib, bu bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etilishi belgilangan.

Dastur “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida amalga oshiriladi. U quyidagilarni nazarda tutadi:

  • barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish;
  • ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganish;
  • kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan foydalanish;
  • ijtimoiy xizmatlardan foydalanish;
  • yashash sharoitlarini yaxshilash;
  • davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish;
  • davlat organlari xodimlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish.

Mehnat migrantlariga 10 mln so‘mgacha mikrokreditlar beriladi

Hukumat huzurida qaytadan tashkil etilgan Migratsiya agentligi xorijiy ish beruvchilar tomonidan taklif qilinayotgan ish o‘rinlari haqidagi barcha ma’lumotlarni onlayn platforma, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib boradi.

Vaqtincha mehnat faoliyatiga chiqib ketayotgan fuqarolarga Migratsiya jamg‘armasi hisobidan 10 mln so‘mgacha mikrokreditlar ajratiladi. Mablag‘lar ikki yilga taqdim etiladi.

Agentlik platformasida fuqarolarga o‘z rezyumesini shakllantirish va joylashtirish, e’lonlar bo‘yicha tanlovlarda erkin ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, fuqarolarga xorijda ishga joylashish va “ishchi viza"ga ujjatlarini rasmiylashtirishda bepul konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi.


Uzbekistan Airways Toshkent-Xanchjou yo‘nalishida qatnovlarni yo‘lga qo‘yadi

Shaharlar o‘rtasidagi reyslar 17-noyabrdan boshlanib, muntazam parvozlar har yakshanba kuni amalga oshiriladi. Parvoz jadvali (mahalliy vaqt bilan):

  • Toshkentdan jo‘nash — 12:40; Xanchjouga yetib borish — 22:00;
  • Xanchjoudan jo‘nash — 23:30; Toshkentga yetib borish keyingi kun soat — 04:10.

Bir tomonlama aviachipta narxi 4 mln 46 ming so‘mdan, Toshkent-Xanchjou-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha esa 7 mln 3 ming so‘mdan boshlanadi.


Keksalar uchun temir yo‘l va havo transporti 20%gacha chegirmalar beradi

Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida 15%gacha, “Silk Avia” aviakompaniyasi esa 10%gacha chegirma taqdim etadi.

O‘zbekiston temir yo‘llari” ham barcha mahalliy yo‘nalishlar uchun 20%gacha chegirma e’lon qildi. Biroq, bu “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdi uchun amal qilmaydi.

Barcha chegirmali chiptalardan 1-noyabrdan 30-noyabrgacha 60 yoshdan oshgan erkaklar va 55 yoshdan oshgan ayollar foydalanishlari mumkin.