Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlar orqali regulyator nomidan firibgarlik holatlari kuzatilayotgani haqida ogohlantirmoqda.

Unga ko‘ra, bugungi kunda firibgarlar messenjerlar orqali fuqarolarga Markaziy bankning ramziy belgilari tushirilgan soxta hujjatlar yuborib, ularning mobil qurilmalariga zararli ilovalarni o‘rnatishga urinmoqda.

Mazkur soxta hujjatlarda go‘yoki fuqaroning mablag‘lari xavfsizligini ta’minlash uchun “moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis” tomonidan ayrim amallar bajarilishi to‘g‘risidagi yolg‘on axborot ko‘rsatilgan.

firibgarlik, markaziy bank

Bu orqali “mutaxassis” niqobi ostidagi firibgar fuqaroning mobil qurilmasiga zararli ilovani (xususan, “Bezopasnost” nomli) o‘rnatish orqali ushbu qurilmadagi rasm va hujjatlar, SMS-xabarlar va qo‘ng‘iroqlar haqidagi ma’lumotlarni yashirin tarzda qo‘lga kiritadi.

Markaziy bank yuqoridagi kabi holatlarga duch kelmaslik, firibgarlarning aldovlariga aslo ishonmaslik uchun ilovalarni messenjerlar orqali emas, balki rasmiy “Google Play” va “App Store” do‘konlaridan o‘rnatishni aytib o‘tdi.


Avvalroq “Spot” Markaziy bank banklarga murojaatlar bilan ishlashish bo‘yicha yangi talablarni belgilagani haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, call-markazlari yo‘qolgan kartalar va firibgarlik haqidagi shikoyatlarni uzluksiz qabul qilishlari kerak bo‘ladi.