Ayrim talabalar uchun to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati uzaytirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbot xizmati xabar bermoqda.
Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan 2024/2025-o‘quv yilida OTMlarining bakalavriat va magistratura talabalari uchun to‘lovlarni amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirish muddati joriy yilning 1-dekabrigacha (shu kuni ham) uzaytirildi.
Bu quyidagi talabalar uchun amal qiladi:
- bazaviy yoki super-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar (1-bosqich);
- qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul kvotalariga talabalikka tavsiya etilganlar (1-bosqich);
- o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) talabalar.
Bunda qabul parametri doirasida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar bazaviy to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 25%ini to‘lashi kerak.
Shu bilan birga, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super) asosida o‘qish istagini bildirganlar belgilangan bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 50%i miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirishi lozim.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar kontraktini to‘lash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Sentabr oyi boshida joriy yilgi qabul jarayonida ikkinchi-beshinchi yo‘nalishga grant yoki kontrakt asosida kirgan talabalar uchun o‘z xohishlari bilan ustuvorligi bo‘yicha tanlagan birinchi yo‘nalishida super-kontraktda o‘qish imkoni yaratildi. Kira olmagan abituriyentlar ham super-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Undan keyin kontrakt pulini to‘lash muddatlari belgilandi. 1-kursga qabul qilinganlar 15-sentabrgacha to‘lovlarni amalga oshirishlari kerak edi.