25-oktabr kuni “Yandex Uzbekistan” “Express24” yetkazib berish xizmati aktivlarining bir qismini sotib olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shartnoma “tez orada” yopilishi kutilmoqda. Shundan so‘ng ular yagona texnologik platformaga o‘tadilar.
Undan keyin Raqobat qo‘mitasi mazkur raqamli platforma operatorlarining ustun (monopol) mavqeini tan oldi. Bitim monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligini olish talablariga javob bermaydi.
Qo‘mita matbuot xizmati “Spot"ga yetkazib berish xizmati aktivlarining bir qismini sotib olish jarayoniga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etdi.
Joriy yilning 1-oktabr kuni qo‘mitaga “Yandex Eats” tomonidan tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bo‘yicha, shuningdek, “YandexGo UB” tomonidan taksi agregatori xizmati bo‘yicha ustun mavqega erishilgani haqidagi xabarnomalar kelib tushdi.
Tegishli buyruq bilan 22-oktabrdan tayyor ovqat va boshqa iste’mol mahsulotlarini buyurtma berish va yetkazib berish agregatori xizmati bozorida “Yandex Eats” va “Express24”, taksi agregatori xizmatlari bozorida esa “YandexGo UB” ustun mavqega ega raqamli platforma operatorlari deb e’tirof etildi.
Xususan, ustun mavqeni tan olish shartlariga quyidagilar kiradi:
- tushum BHMning 100 ming baravaridan (37,5 mlrd. so‘m) yuqori bo‘lsa;
- faol yakuniy foydalanuvchilarning umumiy o‘rtacha soni har oyda kamida 50 mingni yoki faol tadbirkor foydalanuvchilarning o‘rtacha soni har oyda kamida 3 mingni tashkil etsa;
- xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhining muayyan bozordagi bozor ulushi 40%dan ortiq bo‘lsa.
Raqamli platforma operatori ikki oy muddatda yuqoridagi ustunlik ko‘rsatkichlariga erishilganligi to‘g‘risida regulyatorni xabardor qilishi shart.
Bozor ishtirokchilariga raqamli platformalar operatorlariga raqobatni cheklovchi hamda foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini kamsituvchi 20dan ortiq turli xil xatti-harakatlar taqiqlanadi.
Mazkur talablar buzilsa, xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan tushum summasining 5%i miqdorida jarima, mansabdor shaxslarga nisbatan esa ma’muriy javobgarlik qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan ustun mavqega ega raqamli platforma operatorlariga ularning faoliyatini raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish uchun Komplayens tizimlarini ishlab chiqish va qo‘mita bilan kelishish talabnomasi yuboriladi.
“Yandex Eats” va “Express24” kelishuvi
“Yandex Eats” tomonidan “Express24” xizmati aktivlarining bir qismini sotib olish bo‘yicha bitim yuridik shaxsning aksiya (ulushlarini) sotib olishdan iborat emas, balki aktivlarni sotib olishdan iborat ekanligini ta’kidlaydi qo‘mita.
Bitim doirasida “Express24” xizmatiga tegishli quyidagi nomoddiy aktivlarni sotib olish rejalashtirilgan:
- kompyuter dasturlari — jumladan, iOS va Android uchun moslashtirilgan mobil ilovalar, kuryerlar uchun ilovalar va boshqalar, operatsion jarayonlarni qo‘llab-quvvatlash dasturi;
- ma’lumotlar bazalari, jumladan, foydalanuvchi ma’lumotlari, Express24 veb-sayti;
- https://express24.uz/, exp24.uz, ekspress24.uz, exp.uz domen nomlari;
- “Express24: yetkazib berish xizmati”, “Express24: yetkazib berish monstrlari”, “Express dookon” savdo belgilari.
Shuningdek, ushbu tranzaksiya “Newmax Technologies"ga tegishli boshqa aktivlarga (shu jumladan, “My Taxi” taksi agregatori xizmatiga) ta’sir qilmasligi ta’kidlangan.
Bitim, qo‘mitaning qayd etishicha, monopoliyaga qarshi organ bilan oldindan kelishish talabiga tushmaydi, chunki kompaniyalarning aksiyalari (ulushlari) sotib olinmayapti va qo‘shib yuborish yoki qo‘shib olish sodir bo‘lmayapti.
“Shu bilan birga, ushbu bitim iqtisodiy konsentratsiya xususiyatlariga ega bo‘lib, „Yandex Eats“ tomonidan „Express24“ servisining faoliyatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadi va umumiy hisobda tayyor ovqatlarni yetkazib berish agregatori xizmatlari bozorining 87,5%ini nazorat qiladi”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Bozorda mahalliy servislar — “Uzum Tezkor”, “Bringo”, “Girgitton”, shuningdek, kafe va restoranlarning o‘zining xizmatlari (Telegram-botlar va ilovalar), Rossiyaning “Broniboy” kompaniyasi mavjud. Shuningdek, sentabr oyidan “Wolt” servisi ishga tushirildi.
“Bu esa, bugungi kunda bozorda raqobat uchun yetarli sharoitlar mavjudligidan darak beradi. Qo‘mita mazkur bitimning bozordagi raqobat holatiga hamda iste’molchilar manfaatlariga ta’sirini doimiy monitoring qilib boradi”, deya xulosa qilingan xabarda.