Toshkentning Yunusobod va Chilonzor tumanlarida gastronomik turizm ko‘chalari tashkil etiladi. Bu haqda Toshkent shahar Turizm boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
28-oktabr kuni poytaxt hokimi o‘rinbosari Sanjar Tadjiyev boshchiligidagi ishchi guruh uzluksiz rejimda ishlovchi ko‘chalarning qurilish va tashkil etish ishlari loyihasini ko‘zdan kechirdi.
Xususan, Yunusobod tumanidagi gastronomik ko‘chani “Rixsiliy”, Chilonzor tumanidagi “Al-Xorazmiy” ko‘chalarida tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Mazkur loyihalar doirasida turizm ko‘chalarida yoritish ustunlari, o‘rindiqlar va sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish, audio musiqa tizimini tashkil etish borasida ahon standartlariga mos takliflar berildi.
Bular qatorida fotozonalar uchun dekorativ elementlar tashkil etish, velo-yo‘laklar, harakatlanishga halal bermaydigan avtoturargohlar va ovqatlanish uchun qulay bo‘lgan savdo obyektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi ishlarni amalga oshirish ham bor.
“Turizm ko‘chalari poytaxtliklar va mehmonlari uchun tun-u kun ishlaydigan ko‘ngilochar markazga aylanishi hisobga olinishi va barcha qulayliklar yaratilishi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Toshkentda “gastronomik” ko‘cha
Joriy yilning fevralida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentda sanoat, infratuzilma va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ma’qullanib, poytaxtda “gastronomik ko‘cha"lar tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgandi.
Xususan, Yashnobod tumanidagi “Sultonali Mashhadiy” ko‘chasi poytaxtdagi birinchi “gastronomik” ko‘cha bo‘lishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasida ham ishlar boshlandi.
15-iyuldan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlanishi kerak edi. Biroq, jarayon oradan bir hafta o‘tib, 22-iyulda boshlandi.
“Spot” Mirobod tumani hokimligi bilan ko‘cha konsepsiyasi, ochilishining keyinga qoldirilishi, unga tutash hududlar ijarasi va tadbirkorlar bilan bog‘liq zararni kompensatsiya qilish masalalari borasida suhbatlashdi. Shundan keyin, 10-oktabrga kelib, mazkur ko‘chaning birinchi bosqich ishlari yakunlandi.
Shuningdek, Yashnobodda uchinchi gastronomik ko‘cha tashkil etiladi. Sodiq Azimov ko‘chasi uzluksiz ishlovchi ko‘chaga aylantirilib, hududda fudtraklar, 3D monitor, bankomat va infokiosklar o‘rnatiladi. Sergeli tumanining So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari kesishmasida “gastronomik” ko‘cha joylashadi. Yakkasaroy tumanidagi “Shota Rustaveli” ko‘chasida ham “gastronomik” ko‘cha barpo etiladi.
Umuman, poytaxtning Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida “Gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish belgilangan.
Avvalroq Yangihayot tumanida savdo-ko‘ngilochar bulvari yaratilishi haqida xabar berilgandi. Hudud gastronomik, sport, savdo hamda bolalar ko‘ngilochar hududlarini o‘z ichiga oladi.