Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim kodekslarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin foydali qazilmalarni qonunga xilof ravishda qazib olishni takror sodir etganlik uchun, foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ham o‘zgartirishlar bilan ichki ishlar organlariga zarur vakolatlar beriladi.
Ular yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, ularda qurilish ishlarini amalga oshirish, yer berish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzishlari mumkin.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Joriy yilning may oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida yerni va yer osti boyliklarini asrash va muhofaza qilishga qaratilgan mazkur qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilingandi.
Prezident noyob metallar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi kombinat tashkil etishni topshirgandi. Ko‘mir qazib chiqarish hajmini kelasi yilda 10 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Avvalroq noruda materiallarni qazib olish bo‘yicha moratoriy tatbiq etilgan hududlar chegaralari belgilangandi. Chirchiq, Sirdaryo, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallari qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etiladi.