Magistraturaga qo‘shimcha qabul qilish uchun ruxsat berildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbot xizmati xabar berdi.
Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan 2024/2025-o‘quv yili uchun OTMlarining magistratura mutaxassisliklariga qabul jarayonida talabalikka tavsiya etilmagan talabgorlar to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Bunda nomzodlar talab darajasidagi xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lishlari kerak. Talabgorlarga OTMlar tomonidan belgilanadigan bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 2 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi to‘lov-kontrakt belgilanadi.
Qo‘shimcha qabul asosida o‘qish istagini bildirgan talabgorlar bevosita oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga murojaat qilishlari mumkin.
2024/2025-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga qabul jarayoni 1-iyuldan boshlanib, arizalar 30-iyulgacha qabul qilindi. Avgust oyi oxiriga kelib mandat e’lon qilindi.
Bu yil magistraturaga o‘qishga qabul qilish parametri bo‘yicha jami 17 500ta kvota belgilandi. Shundan 9 365tasi davlat granti, 8 135tasi esa to‘lov-shartnoma asosida taqsimlandi.
Prezidentning tegishli farmoni bilan magistraturaga kirishda chet tili sertifikati xorijiy tillar yo‘nalishida C1, gumanitar, matematika, huquq kabi sohalarda B2 darajasida bo‘lishi belgilangan.