Hukumat qarori bilan autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat bilan ish beruvchi va xodimlarni vaqtincha ishga qabul qiluvchi tashkilotlarga qo‘yilayotgan majburiyatlar, bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydigan ishlar belgilianmoqda.
Autstaffing xizmati autstaffer tomonidan o‘z xodimlarini ularning roziligi bilan boshqa tashkilotga mazkur xodimlarni vaqtincha yuborish yo‘li bilan ko‘rsatiladigan xizmat turi. Bu ish beruvchi va uning xodimi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari hamda jamoa kelishuvlarida belgilangan mehnat vazifalarini bajarishni nazarda tutadi.
Autstafferlarga o‘z xodimlarini O‘zbekistondan tashqarida xizmatlarni ko‘rsatish uchun yuborishga ruxsat berilmaydi. Ish beruvchi qabul qiluvchi tashkilot bilan autstaffing shartnomasini tuzishi kerak. Unda zarur miqdordagi xodimlar soni va pulli xizmatlar ko‘rsatilishi aniq belgilanadi.
O‘z navbatida autstaffer qabul qiluvchi tashkilotlarga tegishli malakaga ega xodimlarni yuborishi, ularning ish joylariga o‘z vaqtida kelishini, ish haqining vaqtida to‘lanishini ta’minlashi zarur. Xodimlar ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtalanadi.
Majburiyatlar qatorida yuborilgan xodimlarni qonunchilikda belgilangan kafolatlar, imtiyozlar va boshqa to‘lovlar bilan ta’minlash, shuningdek, dam olishini ta’minlash belgilangan.
Qabul qiluvchi tashkilot yuborilgan xodimlarni ish bilan ta’minlashi va ish vaqti rejimiga rioya qilishi hamda mehnat me’yorlariga rioya qilishi kerak.
Tomonlar qabul qiluvchi tashkilotga yuborilgan xodimning yashash joyi bilan bog‘liq xarajatlarini bartaraf etishi, farzandlarining maktab va bog‘chaga qamrab olinishi kabi majburiyatlarga ega bo‘lishi mumkin.
To‘lov autstafferga qabul qiluvchi tashkilot tomonidan to‘lanadi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- xodimlar ish haqi, unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar va nafaqalarni to‘lash uchun autstaffer xarajatlari;
- qo‘shimcha xarajatlar;
- autstafferning ko‘rsatilgan xizmat uchun tadbirkorlik daromadlari.
Autstaffing shartnomasi bo‘yicha yuqori xavfli obyekt va uskunalar, jumladan, portlash va yong‘in xavfi bor, agressiv (tajovuzkor) va radioaktiv xavfli asbob-uskunalar bo‘yicha ishlarni bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu bilan birga, qabul qiluvchi tashkilot to‘lovga qobiliyatsiz, ish joylarini saqlab qolishga to‘liq bo‘lmagan ish vaqtini kiritsa va xodimlarni ommaviy ishdan ozod qilish xavfi mavjud bo‘lsa, xodimlar jalb qilinmaydi.
Autstaffing shartnomasi orqali xodimlarni qabul qiluvchi tashkilotga yuborish muddati bir yil davomida 9 oydan oshmasligi kerak.
Bandlik vazirligida qayd etilishicha, yangi joriy etilgan xizmat turi norasmiy bandlikni kamaytirishga va aholini ish bilan ta’minlashning progressiv shakllarini rivojlantirish orqali bandlikni kengaytirishga, shuningdek, tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Avvalroq Senat Xalqaro mehnat tashkilotining haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishni maʼqullagani haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, mazkur konvensiya har bir xodim har yili kamida 3 hafta ta’til olish huquqiga ega bo‘lishini nazarda tutadi.