Joriy yilning 16-oktabr kuni o‘tkazilgan “Retail Week Central Asia” forumida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) Kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Asqarjon Zokirov kripto-aktivlar sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziya olish istagida bo‘lgan kompaniyalarga nisbatan talablarning yuqoriligi sabablari haqida so‘zlab berdi.
Hozirda O‘zbekistonda kriptoaktivlar bilan ishlash uchun 15ta litsenziya, jumladan, 2ta kripto-birja, 3ta depozitariy va 10ta kripto-do‘konga berilgan. Biroq, litsenziya olish jarayoni qonunchilik normalariga qat’iy rioya qilishni talab qiladi.
Panel muhokamasida litsenziya olishning murakkabligi masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilishicha, litsenziya olish uchun ariza bergan kompaniyalarning 31tasiga rad javobi berilgan.
Zokirovning ta’kidlashicha, buning asosiy sababi ariza beruvchilarning belgilangan talablarga javob bermasligi bo‘lib, bu kriptobozordagi ishning o‘ziga xos xususiyatlarini yetarli darajada tushunmaslik bilan bog‘liq.
O‘zbekistonda regulyator kripto-aktivlar bozoriga kirish uchun ataylab qat’iy mezonlarni belgilab qo‘ygan. “Dastlab, bozorga mazkur tizim qanday ishlashini tushunadigan va mas’uliyatni his qiladigan o‘yinchilar kirishi uchun shartlar qo‘yilgan” — deya izoh berdi regulyator vakili. Ya’ni, bu mamlakat moliya tizimining xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
O‘zbekistonda kriptobozorni tartibga solish bo‘yicha preventiv choralar mamlakatning FATF “kulrang ro‘yxati"ga tushib qolishining oldini olishga qaratilgan. Mazkur ro‘yxatga jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashda kamchiliklarga ega bo‘lgan davlatlar kiritilgan.
Shuningdek, Zokirov O‘zbekistonda kriptobozorini tartibga solish uchun qonunchilik bazasi allaqachon to‘liq shakllantirilganini ta’kidladi.
“Bizda kripto’ga ruxsat berilgan, hech qanday taqiqlar yo‘q. Har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs kripto-aktivlarni milliy provayderlar orqali, lekin qonunchilikda belgilangan talablar doirasida bemalol sotib olishi, saqlashi va ular bilan operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin”, — dedi u.
Biroq, mamlakat kripto-aktivlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanishga qaratilgan har qanday harakatlarni taqiqlaydi. O‘zbekistonda kripto-aktivlar mulk huquqiga teng. Bu ularning egasi, narxi borligini va tegishli ma’lumotlar reestriga kiritilishi kerakligini anglatadi.
Avvalroq surxondaryolik talaba “Notcoin” savdosi bilan shug‘ullangani uchun 10 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgandi.