“Turkmengaz” va “Gazprom” Turkmaniston gazini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani uzaytirmadi, chunki tomonlar narx masalasida kelisha olmagan. Bu haqda “Turkmengaz” kompaniyasi raisi Maqsat Babayev ma’lum qildi.

“Shartnomada 30-iyun sanasiga ushbu davr uchun narxlarni qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilgan edi: agar tomonlar narx bo‘yicha kelishuvga erishsa, shartnomani uzaytirish imkoni bor edi. Biz muzokaralar olib bordik, ammo tijorat masalasida umumiy kelishuvga erisha olmadik. Shuning uchun, shartnoma shartlariga muvofiq, aynan shu davrda narx qayta ko‘rib chiqilishi lozim edi va agar tomonlar kelishuvga erishmasa, 30-iyunda shartnoma bekor qilinishi kerak edi. Biz shunday qildik”, — dedi Babayev.

Babayevning qo‘shimcha qilishicha, “Turkmengaz” uchun ta’minotni boshlash, qayta tiklash yoki to‘xtatishning asosiy sharti tijorat qismidir.

“Oldi-sotdi shartnomalari manfaat, o‘zaro manfaatli hamkorlik nuqtai nazaridan ko‘rib chiqiladi. Bugungi kunda shimoldan, g‘arbdan, sharqdan talab ortib bormoqda. Shuning uchun biz har kuni turli xaridorlar va davlatlar bilan muzokaralar bosqichidamiz, shuning uchun hamma narsa bo‘lishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi u Rossiyaga yetkazib berishni qayta tiklash imkoniyati haqidagi savolga javob berarkan.

“Gazprom” guruhi 2019 yilda “Turkmengaz” davlat kompaniyasi tomonidan tabiiy gaz sotib olish uchun besh yil muddatga — 2024-yil 30-iyungacha shartnoma tuzgan. Shartnomaga muvofiq Turkmanistondan “Gazprom"ga gaz yetkazib berish hajmi yiliga 5,5 mlrd kub metrgacha bo‘lgan.


Avvalroq “Spot” sentabr oyida O‘zbekiston Xitoyga gaz eksportini ikki barobarga oshirgani haqida yozgandi.

To‘qqiz oy ichida Turkmaniston va Rossiyadan gaz importi esa 2,62 barobarga oshib, $1,27 mlrdga yetdi.