“Volkswagen” xarajatlarni kamaytirish maqsadida Germaniyadagi uchta zavodni yopishni rejalashtirmoqda, bu “o‘n minglab” ish o‘rinlarini xavf ostiga qo‘yadi, dedi kengash a’zosi Daniela Kovallo. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar berdi.

Bundan tashqari, kompaniya “Volkswagen"ning asosiy korxonalarida ish haqini 10%ga kamaytirishi mumkin.

“Volkswagen” bosh direktori Oliver Blum Xitoydagi yuqori ishlab chiqarish xarajatlari va raqobatni hisobga olgan holda guruhni raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun xarajatlarni 4 mlrd yevroga ($4,3 mlrd) kamaytirish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar berdi manbalar.

“Bloomberg” avtomobil ishlab chiqarish zavodlarida 1-dekabrdan boshlab ogohlantiruvchi ish tashlashlar bo‘lishi mumkinligini yozadi.

“Volkswagen AG” tarkibiga “Volkswagen”, “Skoda”, “Audi”, “Porsche”, “Bentley” va “Ducati” kabi avtomobil brendlari kiradi.

“Bloomberg” ta’kidlashicha, guruhning premium brendlari so‘nggi yillarda eng katta daromad manbai bo‘lgan bo‘lsa-da, endi ular ham qiyinchiliklarga duch kelishmoqda.

Xususan, “Porsche AG” 25-oktabr kuni 2024-yilning birinchi to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha sotuvlar va daromadlar pasayganidan so‘ng o‘z assortimentini qayta ko‘rib chiqayotganini va Xitoyda dilerlik tarmog‘ining qisqarishiga yo‘l qo‘yganini aytdi.

“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, “Porsche” avtomobillarining Xitoyga yetkazib berilishi uchinchi chorakda so‘nggi o‘n yillikdagi eng past darajaga tushib ketdi.

Avvalroq “Volkswagen” o‘rta muddatda 30 ming nafargacha ishchilarini qisqartirmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.

“Kompaniyadagi qat’iy tarafdorlarning fikriga ko‘ra, Germaniyada hozirda taxminan 130 ming kishilik xodimlar soni o‘rta muddatda 30 ming kishiga qisqartirilishi kerak”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, kompaniya o‘rta muddatli istiqbolda investitsiyalarni taxminan 20 mlrd yevroga kamaytirishni ko‘rib chiqayotgani xabar qilingan.


Avvalroq “Spot” “Volkswagen” 84 mingdan ortiq avtomobillarini qaytarib olishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, avtomobillar dasturiy ta’minot bilan bog‘liq muammolar sabab qaytarib olinmoqda.