“Apple” o‘zining Private Cloud Compute (PCC) tizimining xavfsizligi bo‘yicha mustaqil tadqiqotlarni taqdim etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
PCC kengaytirilgan maxfiylik himoyasi bilan “Apple Intelligence” so‘rovlarini qayta ishlash uchun intensiv hisob-kitoblarni amalga oshiradi.
Xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar va barcha manfaatdor tomonlar bulut arxitekturasini mustaqil ravishda ko‘rib chiqishga taklif qilinadi.
“Apple Security Bounty” dasturi kengaytirildi va endi PCC tizimini ham o‘z ichiga oladi. Bu dastur foydalanuvchi ma’lumotlarining sizib chiqishiga yoki maxfiylik kafolatlarining buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan zaifliklarni aniqlash uchun $1 mlngacha bo‘lgan mukofotlarni taklif etmoqda.
Masalan, foydalanuvchi ma’lumotlariga tashqaridan kirish imkonini beruvchi zaifliklar uchun $250 minggacha, kodni ruxsatsiz bajarish uchun esa $100 minggacha mukofot taklif etiladi.
“Apple” birinchi marta ommaviy o‘rganish uchun mavjud bo‘lgan virtual tadqiqot muhitini (VRE) ishga tushirdi.
Kompaniya tushuntirganidek, VRE foydalanuvchilarga"nafaqat tushunish, balki PCC haqiqatan ham foydalanuvchi maxfiyligini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlash" imkonini beradi.
Muhit dasturiy ta’minotni o‘rganish va o‘zgartirish, binar fayllarni yuklash va har bir relizni tekshirish imkonini beradi. “Apple”, shuningdek, PCC asosiy komponentlari uchun manba kodini ham e’lon qildi.
Avvalroq “Spot” “Apple” har yili yangi mahsulotlarni chiqarishdan voz kechishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, kompaniya bir vaqtning o‘zida ko‘plab yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish texnik muammolarga olib kelishini tushunmoqda.