2025-yildan O‘zbekistonda elektromobillar akkumulyatorlari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etish taklif qilinmoqda. Bu haqda 28-oktabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazir o‘rinbosari Axadbek Xaydarov ma’lum qildi, deya xabar beradi “Spot” muxbiri.

To‘lovni tayyor mahsulotlarni import qiluvchilardan yoki mahalliy akkumulyator ishlab chiqaruvchilardan undirish rejalashtirilgan.

Shunday qilib, yangi yig‘im elektromobillar egalariga, shuningdek, avtomobillarni tayyor holda olib kiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga taalluqli bo‘lmaydi, deya ta’kidladi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Agar yig‘im qo‘llanilsa, u batareyaning og‘irligiga qarab o‘zgaradi. Yengil elektromobillarning elektr akkumulyatorlari uchun to‘lov 5 ming so‘mdan 10 ming so‘mgacha, yuk mashinalarining elektr akkumulyatorlari uchun esa 18 ming so‘mgacha bo‘ladi.

Natijada Iqtisodiyot va moliya vazirligi 14 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ yig‘ishni kutmoqda. Keyinchalik olingan mablag‘larni Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Joriy yilning sakkiz oyi davomida O‘zbekistonga umumiy qiymati $166,8 mln bo‘lgan 12 913ta elektromobil import qilingan.

Ulardan $10,8 mlnlik 2471 dona elektromobil avgust oyida yetkazib berildi.

Iyun oyi oxirida Jizzax viloyatidagi “BYD” zavodi elektromobillar ishlab chiqarishni boshladi. Qo‘shma korxona o‘z oldiga o‘z mahsulotlarini qo‘shni bozorlarga olib chiqish va ishlab chiqarish hajmini 500 mingtaga yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan.


Avvalroq “Spot” 1-noyabrdan import avtomobillarini texnik sinovdan o‘tkazish tartibi o‘zgartirilishi haqida yozgandi. Endilikda xorijdan olib kelinadigan transport vositalari bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda texnik sinovlardan o‘tkaziladi.