Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025−2027 yillarga mo‘ljallangan budjetnomani e’lon qildi. “Spot davlat” budjetining asosiy parametrlarini taqdim etadi.

Joriy va kelgusi yilda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi 6% darajasida bo‘lishi kutilmoqda. Xizmatlar sohasi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri bo‘lib qoladi — yalpi ichki mahsulot o‘sishining 2,7 va 2,4 foiz bandini tashkil etadi. 2024-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi YIMning 4%ini tashkil etadi, biroq 2025-yilda 3%gacha kamayadi va 2027-yilgacha shu darajada saqlanib qoladi.

28-oktabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazir o‘rinbosari Ahadbek Haydarov kelgusida budjet taqchilligi YIMga nisbatan 3%dan past bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritgandi.

Vazirlik 2024-yil yakuniga borib, oltin-valyuta zaxiralari hajmi $40 mlrd miqdorida bo‘lishini prognoz qilmoqda, bu 2023-yilga nisbatan 15,6%ga ko‘pdir. Kelgusi yilda xalqaro aktivlar $41,7 mlrdgacha oshadi.

2025-yilda kambag‘allik darajasi sezilarli darajada pasayishi — 8,8%dan 6%ga tushishi prognoz qilinmoqda. Xususan, 2021-yildan buyon kambag‘allik 3 barobar qisqaradi.

O‘z navbatida, 2024 va 2025-yillarda oltinni hisobga olmaganda eksport mos ravishda 19,1 va 15%ga, import 1,2 va 4,3%ga o‘sadi. Eksportning yanada yuqori o‘sishi natijasida tashqi savdo balansi taqchilligi $9,7 va $8,5 mlrdni tashkil etadi. 2027-yilga borib O‘zbekistonning tashqi savdo hajmi $83 mlrdga yaqinlashadi.

Joriy yilda inflyatsiya 9−9,5% darajasida bo‘lishi kutilmoqda, biroq kelgusi yilda 7−7,5%gacha, 2026-yilda esa 6%gacha sekinlashishi prognoz qilinmoqda. Inflyatsiya bo‘yicha 5%lik target (maqsad) ga 2027-yilda erishish rejalashtirilgan.

Kelgusi uch yil ichida davlat qarzi 40%ga oshadi — 2024-yildagi $39,7 mlrddan 2027-yilda $55,9 mlrdgacha. Biroq, davlat qarzining YIMga nisbati 36,7%gacha oshadi, bu esa xavfsiz ko‘rsatkich hisoblanadi (XVF tavsiyasi — YIMning 60%i). 2025-yil uchun tashqi qarz hajmi $5,5 mlrd, 2026-yilda esa $5 mlrd etib belgilandi.

Davlat budjeti parametrlari

2025-yilda davlat budjetining daromad qismi 13,8%ga — 271 trln so‘mdan 308,5 trln so‘mga ($23,3 mlrd) oshadi. Foyda solig‘i (15%), QQS (12%), JShODS (12%), ijtimoiy soliq (12%), aylanmadan olinadigan soliq (4%), yuridik shaxslar mol-mulk solig‘i (1,5%) bo‘yicha asosiy stavkalari o‘zgarishsiz qoldiriladi.

budjet loyihasi, davlat budjeti, inflyatsiya, iqtisodiyot va moliya vazirligi

Boshqa o‘zgarishlar qatorida quyidagilar bor:

  • import va mahalliy alkogol va tamaki mahsulotlariga aksiz solig‘i stavkalarini bosqichma-bosqich muvofiqlashtirish;
  • barcha shirin ichimliklarga aksiz solig‘ini tatbiq etish;
  • avtomobil yuvishda foydalaniladigan suv uchun soliq stavkasini 1 kub metr uchun 15 ming so‘mgacha oshirish;
  • eksport qiluvchilar uchun foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozni bekor qilish;
  • fermerlardan tashqari iqtisodiyotning barcha tarmoqlari uchun yagona suv solig‘i stavkasini belgilash.

Bundan tashqari, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov 2025-yilda tamaki mahsulotlariga, 2026-yilda esa alkogol mahsulotlariga aksiz solig‘ini muvofiqlashtirish rejalashtirilganini qo‘shimcha qildi.

2025-yilda davlat budjeti xarajatlari 344,6 trln so‘mni tashkil etadi, bu o‘tgan yilga nisbatan 8,4%ga ko‘pdir. 178 trln so‘mdan ortiq mablag‘ va jami xarajatlarning 52%i ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan: ta’lim (84 trln so‘m), sog‘liqni saqlash (41 trln so‘m), Pensiya jamg‘armasiga transfertlar (18,5 trln), nafaqa, moddiy yordam va kompensatsiya (17 trln), madaniyat va sport (7 trln).

Iqtisodiyotga sarflanadigan barcha xarajatlarning qariyb uchdan bir qismi energiya subsidiyalariga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan energetika sohasiga rejalashtirilgan subsidiyalardan tashqari 9 trln so‘m miqdorida ssuda ajratish rejalashtirilgan.

budjet loyihasi, davlat budjeti, inflyatsiya, iqtisodiyot va moliya vazirligi

2025-yilda tuman va shaharlar o‘rtasida budjet transfertlari oluvchilar soni 188tadan 110taga, yordam hajmi 18,5 trln so‘mdan 7,8 trln so‘mga qisqartiriladi. Bu 78ta tumanda mahalliy budjet xarajatini o‘zi qoplashga o‘tkazish imkonini beradi. Buning uchun ularga to‘liq hajmda yer solig‘i, yuridik shaxslar mol-mulk va aylanma solig‘i, 50% JShODS hamda davlat mulki ijarasidan daromadlar qoldiriladi.

Avvalroq 2025-yilda O‘zbekistonda elektromobillar akkumulyatorlari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.