Raqobat qo‘mitasi “Davr Bank"ka nisbatan moliyaviy jarima qo‘lladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Bank tomonidan e’lon qilingan tashqi reklamalarda “Davr mobile ilovasida 50 mln so‘mgacha onlayn mikrokredit” mazmunidagi reklama axboroti berilgan.

Mazkur reklama bo‘yicha bankning rasmiy veb-sayti o‘rganilganda, mikroqarz istalgan maqsadlarda foydalanish uchun ajratilishi, “Davr mobile” ilovasi orqali rasmiylashtirilishi, qarz oluvchi kamida oxirgi 6 oy davomida doimiy ish joyiga hamda oylik daromadga ega bo‘lgan bo‘lishi ko‘rsatilgan. Bunda mikroqarz muddati 60 oygacha, foiz stavkasi — 43%, qarz miqdori — 50 mln so‘m etib belgilangan.

Toshkent shahrining bir qator ko‘chalarida joylashgan LED monitorli reklama obyektlarida “Tadbirkorlar uchun 5 mlrd so‘mgacha kredit, 24%dan” mazmunidagi reklamalar joylashtirilgan.

Mazkur reklama bo‘yicha bankning rasmiy veb-sayti o‘rganilganda, kredit asosiy vositalarni sotib olish uchun ajratilishi, uning muddati 60 oygachani tashkil etishi, foiz stavkasi — 32,99%, miqdori esa 5 mlrd so‘mligi ko‘rsatilgan.

Har ikki holatda ham mikroqarz va kredit bo‘yicha qo‘shimcha shartlar va muhim ma’lumotlar tashqi reklamada ko‘rsatilmagan.

Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan qonunchilik talablari buzilishi alomatlari bilan “Davr Bank"ga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi. Qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Oktabr oyi boshida reklama qonunchiligini buzgani uchun Hamkorbank jarimaga tortilgandi. Bank mikroqarz bo‘yicha reklamasida uning muhim shartlarini ko‘rsatmagani ma’lum bo‘ldi.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Yandex Eats” “Express24” aktivlarining bir qismini sotib olgach, bozorning 87,5%ini nazorat qilishini qayd etgandi. Mazkur bitim iqtisodiy konsentratsiya xususiyatlariga ega bo‘lishiga qaramay, monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini talab qilmaydi.