O‘zbekiston va Quvayt yangi tahrirdagi aviaqatnovlar to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan ICAO’ning “ICAN-2024” tadbiri doirasida “O‘zaviatsiya” agentligi direktori rahbarligidagi delegatsiya Quvayt aviatsiyasi hukumati rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Hozirda ikki mamlakat o‘rtasida amalga oshirib kelinayotgan aviaqatnovlar 1994-yilda imzolangan bitim asosida bajarilmoqda. Har biri tomondan faqat bittadan aviakompaniyaga parvozlarni amalga oshirish huquqi berilgan. Uchrashuvda uning shartlari qayta ko‘rib chiqildi.

Mamlakatlar hududida yangi aviakompaniyalar tashkil etilganligi hisobiga xususiy aviakompaniyalarning yangi yo‘nalishlarda aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish, aviatsiya bozorini to‘liq liberallashtirish hamda tadbirkorlarga imkoniyatlar yaratish maqsadida mazkur bitim shartlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelganligi qayd etildi.

O‘zbekiston va Quvayt Transport vazirliklari hamda ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari tomonidan yangi tahrirda ishlab chiqilgan aviaqatnovlar to‘g‘risidagi bitim ikki mamlakat aviatsiya hukumatlari rahbarlari tomonidan parafirlandi. U o‘z ichiga yangi shartlarni oladi.

Yangi bitim ikki mamlakat o‘rtasida har bir tomondan faqatgina bittadan tayinlangan aviakompaniya parvozlarni amalga oshirishi mumkinligi to‘g‘risidagi cheklovni bekor qiladi hamda bir qatorda yangi kelishuv shartlarini o‘z ichiga oladi.

2023-yil davomida O‘zbekistondan 95 mingdan ziyod aviayo‘lovchilar Quvayt orqali Saudiyaga “Umra” ziyoratini amalga oshirgan. Ularning aksariyati Quvayt hududida qisqa muddatli turizmni amalga oshirgan. O‘z navbatida, Quvaytdan O‘zbekistonga 1 mingga yaqin turistlar tashrif buyurgan. Ularning aksariyati qisqa muddatli turizmdan so‘ng, O‘shga chiqib ketgan.

Tahlillardan kelib chiqib, “Ziyorat turizmi"ni kengaytirish maqsadida ikki mamlakat o‘rtasidagi haftalik aviaqatnovlarni har bir tomondan 14taga yetkazishga kelishildi.

Shu bilan birga, belgilangan shaharlar soni bo‘yicha cheklovni bekor qilish orqali O‘zbekistonning barcha aeroportlaridan Quvaytga parvozlarni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi yana bir kelishuv imzolandi.

Bu kelishuvlar O‘zbekistonning hududiy aeroportlarida yangi xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi oqimini oshirishi hamda ko‘proq turistlarni jalb qilishi ta’kidlandi.

Avvalroq O‘zbekiston va Tanzaniya havo qatnovini tashkil etishga kelishgandi. Ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 21tagacha aviaqatnovlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.